Kimyoviy muhandis Kamol Shoh — surunkali buyrak yetishmovchiligi kasalligiga chalingan bemor. U 25 yildan beri gemodializ muolajasini olib keladi. Kamol Shoh sog‘liqni saqlash sohasida strategik rejalashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchi Vikram Vuppala bilan hamkorlikda Hindistondagi eng yirik dializ markazlari tarmog‘i NephroPlus kompaniyasiga asos solgan.

2020 yil dekabr oyida kompaniya O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining dializ xizmatlarini ko‘rsatish uchun xususiy sherik tanlash bo‘yicha xalqaro tenderida g‘olib bo‘ldi. Loyiha Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan birgalikda ishlab chiqilgan va Osiyo taraqqiyot bankidan (OTB) moliyaviy ko‘mak olgan.

Davlat-xususiy sheriklik (DXSH) kelishuviga ko‘ra to‘rtta dializ klinikasini qurish, jihozlash va boshqarish, shuningdek, tibbiyot xodimlarini o‘qitish ko‘zda tutilgan. Uchta markaz — Nukus, Urganch va Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida — allaqachon aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni boshlagan. To‘rtinchisi Toshkent shahar I. Ergashev nomidagi 4-klinik shifoxonasi hududida ishga tushirilishga tayyorlanmoqda. 160 o‘ringa mo‘ljallangan markaz dunyodagi eng yirik dializ markazlaridan biriga aylanadi. Bino gaz va elektr tarmoqlariga ulanganidan keyin markaz ishga tushadi.

OTB ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda surunkali buyrak yetishmovchiligi kasalligidan 30 ming bemor aziyat chekmoqda. Ayni paytda, mamlakatda 3500 dan ortiq dializ apparatlari yetishmaydi. To‘rtta NephroPlus markazi 250 dan ortiq uskunalar bilan jihozlangan.

«Gazeta.uz» buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemorlar hamjamiyatidan dializ markazlari faoliyati yuzasidan ularni qiziqtirgan savollarni so‘radi va ulardan kelib tushgan savollar bilan NephroPlus kompaniyasining O‘zbekistondagi filiali direktori Sukesh Chandra Geynga murojaat qildi.

— NephroPlus kompaniyasi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Davlat qanday majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan, kompaniya-chi?

— DXSH loyihasi doirasida O‘zbekiston hukumati 10 yil muddatga ijara asosida bizga yer ajratish va qurilish uchun barcha zarur ruxsatnomalarni taqdim etish, to‘rtta markazning har birini kafolatlangan miqdordagi bemorlar bilan ta’minlash majburiyatini oldi. Hukumat, shuningdek, har bir kafolatlangan bemor uchun oylik to‘lovlarni amalga oshirish majburiyatiga ega.

Ijara muddati tugagandan so‘ng hamkorlikni davom ettirish uchun ikkita variant mavjud: kelishuvni yana 10 yilga uzaytirish yoki qurilgan klinikalarni Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufiga o‘tkazish.

nephroplus, gemodializ, dializ markazi, peritoneal dializ

Sukesh Chandra Geyn. Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

NephroPlus kompaniyasining asosiy majburiyatlari — markazlarni qurish, ularni dializ muolajasini o‘tkazish uchun zarur jihozlar va boshqa mamlakatlardan import qilishimiz yoki mahalliy bozordan sotib olishimiz mumkin bo‘lgan dori vositalari bilan ta’minlashdan iborat. Shuningdek, biz tibbiyot xodimlarini ishga yollaymiz va ularning malakasini oshirish imkonini beruvchi o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazamiz. Markazlarimiz xizmatlari sifati xalqaro standartlarga javob berishi lozim.

Har oyda hukumatga tegishli majburiyatlarimiz bajarilishi yuzasidan hisobot taqdim etamiz.

— O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqish bildirganingizning asosiy sababi nimada?

— Bizning missiyamiz — past va o‘rta daromadli hamda buyrak almashtirish terapiyasi yetarli darajada rivojlanmagan mamlakatlarda gemodializ sifati va hamyonbopligini oshirishdan iborat. Xizmatlar sifatini, jumladan, muolaja narxini pasaytirish orqali yaxshilash mumkin.

O‘zbekistonda talab va taklif o‘rtasidagi tafovut katta. Sifatli dializ terapiyasiga muhtoj odamlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Biz mamlakatda gemodializni zamonaviy jahon andozalari darajasiga ko‘tarish, muolajani kam og‘riqli holga keltirish va surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigan ko‘p sonli bemorlar uchun hamyonbop narxlarda muolaja olish imkonini yaratish istagidamiz.

Bozorga kirib kelishimizdan avval O‘zbekiston bir martalik gemodializ muolajasi uchun, barcha dori-darmonlarni hisobga olganda, qariyb 80 dollardan sarflagan. Bizning taklifimiz — 50 dollar. Yiliga 160 mingga yaqin muolajalar o‘tkazamiz. Ushbu loyiha doirasida davlat yiliga qariyb 5 million dollar tejash imkoniga ega bo‘ladi.

— Hozir O‘zbekistonda dializ terapiyasi xalqaro standartlarga qay darajada mos keladi?

— Dializ xizmatlarining xalqaro sifat standartlariga murojaat qiladigan bo‘lsak, eng yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish AQSh va Buyuk Britaniya kabi rivojlangan mamlakatlarda. Sharqiy Yevropada, Filippinda — o‘rta darajada.

Rivojlanayotgan mamlakatlarda dializ sifati bir qancha omillar sabab xalqaro standartlarga javob bermaydi. Bu, birinchi navbatda, muolajalar va infratuzilmaning standartlashtirilgan protokoliga taalluqli: gemodializ apparatlari, yuqori sifatli materiallar va malakali kadrlar yetishmovchiligi mavjud.

Eng muhim ko‘rsatkich — bu dializ muolajalarining chastotasi. Ularni muntazam ravishda qabul qilish bemorlar uchun juda muhim, sababi, mohiyatan, bu buyrakni almashtirish demak. Eng ilg‘or xalqaro tajribaga muvofiq, bemor yiliga 144 ta muolaja qabul qilishi zarur. Bu haftasiga deyarli uch marta gemodializ seansi degani.

O‘zbekiston nefrologiya klinikalarida bitta bemor haftasiga ikki marta muolaja qabul qiladi. Bizning oldimizda mazkur ko‘rsatkichni yaxshilash vazifasi turibdi. Yana biri tibbiyot xodimlarining malakasi bilan bog‘liq bo‘lib, biz uni oshirish bilan shug‘ullanmoqdamiz. O‘ylaymanki, shu ikki ko‘rsatkichni yaxshilashga erishsak, bemorlarning hayot sifatini oshirishimiz mumkin bo‘ladi.

Jahon standartiga ko‘ra, bitta dializ apparatiga 5−6 nafar bemor to‘g‘ri keladi. Undan kuniga uch marta foydalanish mumkin, sababi bitta gemodializ seansi to‘rt soat davom etadi va, shunga mos ravishda, har bir bemor uchun haftada uch marta.

Bitta apparatga to‘g‘ri keladigan bemorlar soni bittadan beshgacha bo‘lsa, yanada yaxshiroq. Bu shuni anglatadiki, bemorlar kechasi yoki erta tongda muolajaga kelishlariga hojat qolmaydi.

nephroplus, gemodializ, dializ markazi, peritoneal dializ

Ayni paytda bizning ixtiyorimizda davlat tomonidan kafolatlangan 1100 nafar bemorni davolash uchun 250 ta dializ apparati mavjud. Ushbu toifadagi fuqarolar uchun gemodializ — bepul.

Markazlarning quvvati bemorlar sonini 1500−1600 nafargacha yetkazish imkonini bermoqda. Zarurat tug‘ilgan taqdirda bemorlarning umumiy sonini oshirishga tayyor turish maqsadida qo‘shimcha uskunalar sotib oldik. Kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston kafolatlangan bemorlar sonini 25 foizga (gemodializ muolajasiga ehtiyoji bo‘lgan 250−260 nafar bemor) oshirishi mumkin.

— Toshkentdagi Nefromarkaz ixtiyoriga 160 ta dializ apparati beriladi. Ular qancha muddatda yangilab turiladi?

— Har bir «sun’iy buyrak» apparati 30 ming soatga mo‘ljallangan. Foydalanish muddati tugagach, ularni almashtiramiz. Qolaversa, har uch oyda apparatlarning sozligini tegishli tekshiruvdan o‘tkazib turamiz.

Dializ apparatining asosiy tarkibiy qismi — bu nasos bo‘lib, uning bosimi yordamida qon tozalash filtridan o‘tkaziladi. Kafolat muddati tugagach, bizda ikkita yo‘l bor. Birinchisi, nasos va tizim platasini (motherboard) almashtirishni nazarda tutadi. Bu apparatning xizmat muddatini uzog‘i uch-to‘rt yilga uzaytirish imkonini berib, juda katta investitsiya talab etadi. Ikkinchi yo‘li — foydalanib bo‘lingan apparatni hisobdan chiqarish va yangisini sotib olish.

— Nefromarkazlar xizmatidan foydalanish imkoniyati faqat Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ro‘yxatdagi bemorlar uchunmi yoki boshqa fuqarolar ham foydalanishi mumkinmi?

— Markazlarimizga istalgan kishi murojaat qilishi mumkin, biroq bepul xizmatlar faqatgina bizga loyiha doirasida yo‘naltirilgan bemorlarga taqdim etiladi. Fuqarolarga bozor narxlaridan kelib chiqqan holda, pullik xizmat ko‘rsatish imkoniga egamiz.

— Poytaxtda gemodializ bo‘limlariga ega bo‘lgan Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya markazi faoliyat yuritmoqda. Bemorlar qayta taqsimlanishi mumkin, deb taxmin qilish o‘rinlimi? Shunday bo‘lgan taqdirda, bu qanday tartibda amalga oshiriladi?

— Respublika nefrologiya markazidagi bemorlarning bir qismi bizga o‘tkaziladi. Bemorlarni viloyat yoki shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalaridan kelib tushgan xatlar asosida qabul qilamiz. Bu NephroPlus`ga gemodializ seanslari uchun yo‘llanma vazifasini o‘taydi. Uni olish uchun bemor o‘z poliklinikasidagi umumiy amaliyot shifokoriga murojaat qilishi lozim, ular buyrak kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni nefrologlarga qayta yo‘naltirishadi. Nefrologlar bemorlarning holatini baholab, maxsus davolash yo‘llarini ko‘rib chiqadilar.

Bemorlar gemodializ bo‘limlariga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuritiluvchi bemorlarning yagona reyestri asosida navbat bo‘yicha yuboriladi. Reyestr viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari hamda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi markazi komissiyasining yo‘llanmalari asosida tuziladi.

— O‘zbekistonda elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ko‘p kuzatiladi. Dializ markazlari potensial uzilishlarga qay darajada tayyor?

— Urganch, Nukus va Bog‘ot shaharlarida faoliyat ko‘rsatayotgan nefrologik markazlar davlat tomonidan elektr tarmog‘iga ulandi. Tarmoqda uzilish yuzaga kelgan taqdirda, bizda dizel generatorlari mavjud. Biz ularni o‘z mablag‘larimiz hisobidan sotib olganmiz va foydalanamiz. Generatorlarning quvvati har bir klinikaning kun davomida ishlab turishini ta’minlash uchun yetarli.

nephroplus, gemodializ, dializ markazi, peritoneal dializ

Toshkent 2022 yil yanvar oyida yuzaga kelgan blekaut vaqtida.

160 o‘ringa mo‘ljallangan Toshkent shahar nefromarkazi binosi gaz va elektr tarmoqlariga hali ulanmadi. Shu sababdan, loyihani ishga tushirish kechikmoqda. Bizda elektr ta’minotini qo‘llab-quvvatlash uchun yirik dizel generatori va UPS mavjud, biroq bu elektr energiyasining asosiy manbai bo‘la olmaydi.

Binoning elektr ta’minoti bilan bog‘liq kechikish sabab «sun’iy buyrak» apparatlarini tarmoqqa ulash va soz holatga keltirish, qanday ishlashini tekshirishning imkoni yo‘q. Ayni shu sababdan tibbiyot xodimlari ishga kirisha olmayapti. Markazga 80 dan ortiq hamshira yollaganmiz va to‘rt oydan beri ularga maosh to‘lab kelyapmiz. Shu bilan birga, bino tayyor. Nefrologiya markazi tegishli tarmoqlarga ulanganidan 15 kun o‘tib, uni ochishga tayyor bo‘lamiz.

— NephroPlus dializ markazlari Nukus, Urganch va Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida allaqachon faoliyat boshlagan, Toshkent shahrida esa ochilishga hozirlik ko‘rilmoqda. Aynan shu joylarni tanlashga nima asos bo‘ldi?

— Ushbu hududlarni Sog‘liqni saqlash vazirligi tanlagan. Bunda bir necha omillarga tayanilgan bo‘lishi mumkin. Birinchidan, bu mavjudlik. Nukusda 34 ta dializ apparatiga ega yaxshi markazning mavjudligi qo‘shni shaharlar va hatto Qozog‘iston aholisiga ham xizmat ko‘rsatish imkonini berdi. Ilgari bu yerda atigi 8−10 ta dializator mavjud bo‘lgan. Nukus, Urganch va Bog‘ot tumanlari infratuzilmani rivojlantirishga Toshkent shahriga nisbatan ko‘proq ehtiyoj sezmoqda. Hozirda uchta faol markaz 340 nafar doimiy bemorga xizmat ko‘rsatmoqda.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida bemorlar soni 1500−1600 nafarga yaqin. Hozirgi kunda shaharda faoliyat yuritayotgan dializ bo‘limlari 500−600 nafar bemorni xalqaro standartlar bo‘yicha dializ bilan ta’minlashi mumkin. Poytaxtda katta klinikaga ega bo‘lish istagini shu bilan izohlash mumkin. Markaz ochilgandan so‘ng dializ xizmatlaridan foydalanish imkoniyati kengayadi va bemorlarda muolajani qayerda olish bo‘yicha tanlov imkoniyati paydo bo‘ladi: respublika markazida yoki bizda.

— Markazlarda qanday mutaxassislar faoliyat yuritadi?

— Ayni paytda bizda to‘qqiz nafar nefrolog — Nukus, Urganch va Bog‘ot tumanlarida yetti nafar, Toshkent shahrida ikki nafar nefrolog faoliyat yuritmoqda. Arteriovenoz oqma (gemodializda qon tomirlariga kirishning bir turi, vena va arteriya o‘rtasida jarrohlik yo‘li bilan yaratilgan aloqa — tahr.) yaratish bilan shug‘ullanuvchi jarrohlar mavjud.

Kelajakda Toshkent markaziga diyetologlarni jalb qilamiz, sababi diyeta buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemorlar uchun juda ahamiyatli. Bundan tashqari, muntazam ravishda hindistonlik shifokorlarni konsultatsiya xizmatlarini taqdim etish uchun taklif qilib turishni rejalashtiryapmiz.

— Buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemorlar ko‘p sonli tahlillar topshirishlariga to‘g‘ri keladi: umumiy qon tahlili, biokimyo, gepatit B va C va boshqalar. Ularning narxi ancha yuqori. Bemorlar Sog‘liqni saqlash vazirligi orqali markazlarda bepul yoki arzonlashtirilgan narxda tahlillardan o‘tish imkoniyatiga egami?

— Tashxis qo‘yish, nitratlar, kaliy, kalsiy, gepatit uchun tahlillar — muntazam ravishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan barcha narsalar, shuningdek, dializ muolajalarining o‘zi ham DXSH loyihasi doirasida bepul taqdim etiladi.

nephroplus, gemodializ, dializ markazi, peritoneal dializ

Toshkent klinikasi negizida yirik laboratoriya tashkil etib, jihozlayapmiz. Urganch, Nukus va Bog‘otdagi markazlarda davolanayotgan bemorlarimizning namunalari shu yerga olib kelinadi. Poytaxt markazi ochilguniga qadar mamlakat g‘arbidagi klinikalar hamkor laboratoriyalar bilan ish olib boradi. Ularning xizmatlari bizning bemorlarimiz uchun bepul, sababi ular uchun biz o‘zimiz to‘laymiz.

— Ayrim bemorlar zarur dori-darmonlarni Sog‘liqni saqlash vazirligi ro‘yxati bo‘yicha doimiy yashash joyidagi poliklinikalardan bepul oladi. Markazlar paydo bo‘lishi bilan bunga ehtiyoj saqlanib qoladimi?

— Hukumat bizga bemorlarni dori-darmon bilan ta’minlash vazifasini yuklamagan. Hozirda ular davlat tomonidan ajratilgan dori-darmonlarni doimiy yashash joyidagi poliklinikalardan olishadi. Agar davlat bemorlarni dori-darmonlar bilan ta’minlashimiz mumkinligi to‘g‘risida qaror qabul qilsa, buni ham qilishimiz mumkin.

nephroplus, gemodializ, dializ markazi, peritoneal dializ

— NephroPlus markazlarida bolalar gemodializi mavjudmi?

— Ayni paytda bolalar gemodializi mavjud emas. Hozirda mahalliy va hindistonlik shifokorlari bilan ushbu amaliyotni joriy etish yuzasidan tegishli muzokaralar olib borilmoqda.

Bizga mutaxassislar zarur. O‘zbekistonda ular kam sonli. Hozircha ikki nafar mutaxassis topdik. Ularni Hindistonga o‘qishga yuborishni rejalashtiryapmiz. Muolajalarni sifatli amalga oshirishimiz mumkinligiga ishonch hosil qilganimizdan keyingina bolalar uchun gemodializ xizmatini yo‘lga qo‘yamiz. Tavakkal qila olmaymiz, sababi bemorlarimiz orasida bir yoshgacha bo‘lgan bolalar ham bo‘lishi mumkin.

— Kompaniyangiz markazlari O‘zbekistonda birinchi marta peritoneal dializni amaliyotga joriy qildi. Bu qanday muolaja? U gemodializdan nimasi bilan farq qiladi? Ushbu xizmat bepul taqdim etiladimi?

— Har ikkala muolajaning maqsadi — qonni moddalar almashinuvi jarayonida organizmda hosil bo‘lgan zaharli moddalar va ortiqcha suyuqlikdan tozalash.

Gemodializ maxsus «sun’iy buyrak» apparatiga bog‘lab qo‘yilgan. Muolaja davomida qon organizmdan tashqarida tozalanadi. Bunda qon bosim yordamida dializator deb ataluvchi filtrdan o‘tkazilib, organizmga qaytariladi. Muolaja taxminan to‘rt-besh soat davom etadi va nefrologiya yoki dializ markazlarida tibbiyot xodimlarining nazorati ostida amalga oshiriladi.

Peritoneal dializda qon qorin bo‘shlig‘idagi qorin pardasi yordamida tozalanadi, u o‘z filtri — peritoneal membrana bilan qoplangan. Bu ichak va jigarni qoplab turuvchi yupqa qatlamdan iborat.

Qorin bo‘shlig‘iga jarrohlik yo‘li bilan o‘rnatilgan kateter orqali dializ suyuqligi quyiladi. Zaharli moddalar peritoneal membranadan o‘tib, dializ suyuqligiga tushadi — tananing ichida «buyrak» hosil bo‘ladi. Kateter qorin bo‘shlig‘idan suyuqlikni olib tashlashni ta’minlaydi.

Peritoneal dializning asosiy afzalligi shundaki, bemor buni mustaqil, uyda amalga oshirishi, shu bilan bir paytda kundalik mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi mumkin. Biz barcha kerakli materiallarni bepul taqdim etamiz va muolajani qanday bajarishni o‘rgatamiz. Shuningdek, markazlarda peritoneal koordinatorlar mavjud bo‘lib, ularning vazifasi bemorlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdan iborat.

Gemodializ singari peritoneal dializ ham Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yo‘naltirilgan bemorlarga bepul taqdim etiladi.