Samarqand shahrida sobiq ichki ishlar xodimi fuqarodan 5000 dollar olganlikda gumonlanib qo‘lga tushdi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Keltirilishicha, Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi (IIV SHXBB) Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bir fuqaro IIVda ishlashini aytib, ichki ishlar tizimi bilan bog‘liq masalalarni hal qilib berishini aytayotgani va buning evaziga fuqarolardan pul olayotgani to‘g‘risida ma’lumot olingan. Buni tekshirish maqsadida tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan.

Fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilganda u 1992 yil Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgani, muqaddam ichki ishlar organlarida ishlab, keyin bo‘shagani va vaqtincha ishsiz ekani ma’lum bo‘ldi.

Samarqand shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro shahar bo‘yicha IIO FMB 7-sonli IIBga murojaat qilib borganda o‘zini IIVda ishlashini aytib, nima sababdan IIBga kelganini so‘ragan.

«Uni qo‘rqitib, ishini ijobiy hal qilib berish evaziga undan 5000 dollar talab qilgan. Fuqaro o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan suhbatni yozib olgan va ovozni xodimlarga topshirgan. 2 mart kuni tadbir o‘tkazilib, ushbu shaxs fuqarodan 5000 dollar olayotgan vaqtida qo‘lga olindi», — deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.