Toshkent va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 1 400 MVt bo‘lgan ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi hamda Toshkent, Buxoro va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 1 200 MVt bo‘lgan uchta energiya saqlash tizimlari quriladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar qildi.

2023 yil 4 mart kuni Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi, O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida investitsiya va elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida uchta bitim imzolandi.

Bitimlar Toshkent va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 1 400 MVt bo‘lgan ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi hamda Toshkent, Buxoro va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 1 200 MVt bo‘lgan uchta energiya saqlash tizimlari joriy etilishini o‘z ichiga oladi.

acwa, quyosh fotoelektr stansiyasi

Foto: Energetika vazirligi

Toshkent viloyatida 400 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi va 400 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimlari, Samarqand viloyatida esa 1 000 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi va 400 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimlari, shuningdek, Buxoro viloyatida 400 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimlari joriy etiladi. Shu bilan birga, loyihalar elektr uzatish tarmoqlari qurilishini o‘z ichiga oladi.

Tadbir davomida Toshkent viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishiga start berildi. Ushbu elektr stansiyasi ishga tushirilishi natijasida yiliga 900 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida 257 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilib, atmosferaga 360 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinishi aytilgan.

Qayd etilishicha, respublikada 2030 yilga borib elektr energiyasining 35 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan ishlab chiqarish maqsad qilingan. Buning natijasida esa, jami 15 000 MVtn — 10 000 MVt quyosh va 5 000 MVt shamol elektr stansiyalari ishga tushirilishi belgilangan.

ACWA Power kompaniyasi tomonidan bugungi kunda O‘zbekistonda umumiy quvvati 4 100 MVt bo‘lgan 5 ta elektr stansiya, xususan 2 600 MVt quvvatli 4 ta shamol va 1 500 MVt quvvatga ega 1 ta zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda. Kompaniya tomonidan Sirdaryo viloyatida qurilayotgan 1 500 MVt quvvatli zamonaviy IES joriy yilda ishga tushiriladi.