10 martdan Toshkent shahrida 2022−2023 yilgi isitish davri yakunlanishi rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi «Kommunal xizmatlar ko‘rsatishni tasdiqlash qoidalari to‘risida»gi 194-sonli qaroriga muvofiq, xonalarni isitish ehtiyojlari uchun issiqlik energiyasini berishda yetkazib beruvchi isitish davrini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan belgilangan muddatlarda boshlaydi va tamomlaydi.

Qarorga ko‘ra, isitish davri tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati 8 darajadan past bo‘lgan 5 kunlik davr tamom bo‘lgan kundan keyingi kundan boshlanishi, 8 darajadan yuqori bo‘lganda esa tamomlanishi kerak.

«Shundan kelib chiqib, mart oyidan havo harorati isigani va o‘rtacha sutkalik harorat 10 darajadan yuqori bo‘layotganini inobatga olgan holda mavsumni yakunlash rejalashtirilayotganini ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida 22 oktabrdan ijtimoiy soha obyektlari, 24 oktabrdan esa ko‘p qavatli turar joy binolarini bosqichma-bosqich issiqlik energiyasi bilan ta’minlash boshlangandi.