O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida taklif, muammo va murojaatlar bilan ishlashda onlayn platforma ishga tushirildi. Bu haqda vazirning Telegram`dagi kanalida xabar berildi.

Ta’kidlanishicha, vazir Hilola Umarova vazifaga kirishgach, o‘qituvchi, tarbiyachi va ota-onalarning takliflarini o‘rganish maqsadida murojaatlar portali yaratish topshirig‘ini bergan.

Endilikda maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar hamda o‘quvchilarning ota-onalari ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar, korrupsiya holatlari yuzasidan asoslangan faktlar, tashabbus, loyiha, fikr va mulohazalarni yuborishi mumkin bo‘ladi.

«Mazkur taklif, tashabbus va mulohazalar shaxsan o‘zimning nazoratimda bo‘lib, vazirlik mutaxassislari tomonidan o‘rganiladi. Ular asosida muammolar hal etilib, yangi loyihalar joriy etiladi», — deydi vazir.

Murojaatlarni vazir.uzedu.uz portaliga yo‘llash mumkin.

Portalda taklif va mulohazalarni qoldirish uchun foydalanuvchilardan uning murojaati qaysi ta’lim bosqichiga tegishli ekanini ko‘rsatishi, to‘liq ism-familiya, hudud, telefon raqami, elektron pochta va pasport ma’lumotlarini kiritishi talab etiladi. Portal Call markazi sifatida (71) 202−09−09 raqami keltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil dekabr so‘ngida sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlangan Amrillo Inoyatov tizimda 2023 yilni Korrupsiyaga qarshi kurash yili deb e’lon qilgandi. Vazir ishonch telefoni sifatida o‘zining shaxsiy raqamini ham kiritishini aytib o‘tgan.