Respublika ta’lim markazi direktori o‘rinbosari, bloger Isroil Tillaboyev o‘zining Telegram kanalida unga murojaat kelib tushganini bildirdi, xabarda Andijon viloyati Marhamat tumanidagi «Kelajak nuri» kutubxonasining elektrdan qarzdorligi ko‘payib ketgani uchun yopilgani haqida so‘z borgan.

Shundan so‘ng holat jamoatchilik e’tiborini tortib, muhokamalarga sabab bo‘ldi.

«O‘zi kutubxonalar mahallalardan yo‘q qilib yuborilib, bolalarimizni kitobga qiziqtira olmayotgan, kutubxonalarni tuman markazida bitta-yarimta eski, zax binolarda xujjatda bormi-borga saqlayotgan, kutubxonachilarga farrosh oyligichalik oylikni berib, holing nima demayotgan bo‘lsagu, bir tadbirkor Amerikadan ko‘rib kelib, tumanimda ham Amerikadagidek kutubxona bo‘lishga haqli, deb tushimizda ko‘radigan kutubxonani shundoq qurib, uni shundayicha davlatga toishirsayu, elektr to‘lovini eplab to‘lashga qurbimiz yetmay, oson yo‘li yopib tashlasak, bu diyorda bir marta emas, yilda 10 marta mashina sovrini qo‘yib, kitobxonlik musobaqasi o‘tkazsak ham, ovora bo‘lmaylik, hech ham kitobga mehr tug‘ilmaydi yoshlarda! Uyat. Men uyalib ketdim, siz-chi, siz uyalmaysizmi mas’ullar?!» — deb yozdi Isroil Tillaboyev.

Yoshlar siyosati va sport vazirining 1-o‘rinbosari, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ham holatga munosabat bildirib o‘tdi.

U Andijon viloyati hokimligi texnik muammoni tezkorlik bilan hal qilishini, hal qilinmasa, agentlik tuman balansiga olib, xarajatlarni qoplashga ham yordam bera olishini ma’lum qildi.

андижон, кутутбхона, elektrdan қарздорлик

Tuman hokimi bilan bog‘langanini bildirgan jurnalist Umidjon Mamarasulovning aniqlik kiritishicha, kutubxona davlat balansida emas, binoning bir qismiga davlat kutubxonasi tadbirkor yordami bilan vaqtincha joylashtirib turilgan. Hokimiyat agar aloqasi bo‘lganida, elektr energiyasi to‘lovi vaqtida amalga oshirilishini ma’lum qilgan.

Tuman hokimligi munosabati

Ta’kidlanishicha, «Alitepa» MFY hududida joylashgan «Kelajak nuri» kutubxonasi Erkin Vohidov nomli shaxmat maktabi bilan yonma-yon joylashgan bo‘lib, yomg‘irli kunlarda bu binolarning tom qismining ma’lum qismiga zarar yetib, shaxmat maktabi binosining ichki qismigacha yomg‘ir o‘tgan. Oqibatda mazkur maktabning ba’zi bir qismlariga va elektr jihozlariga ziyon yetgan.

Bu maktabning tom qismidagi holat mutaxassislar tomonidan o‘rganilganda kutubxonaning tom qismida ham ma’lum bir qismida ta’mirlanishi zarur bo‘lgan holatlar aniqlangan.

«Binolarning isitish va sovitish tizimi asosan elektr energiyasida ishlashini hisobga olgan holda yog‘ingarchilik bo‘lganda elektr tarmog‘ida qisqa tutashuvlar oqibatida bu yerga tashrif buyuruvchilarning hayotiga va sog‘lig‘iga ziyon yetishi hamda tom qismidagi holat kutubxonaning ichki qismiga o‘tib ketishining oldini olish maqsadida ta’mirlash ishlarini olib borish uchun vaqtinchalik yopilgan», — deyiladi xabarda.

Kutubxonaga kelayotganlar esa ayni vaqtda ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli tuman markazida joylashgan FHDYO bo‘limining sobiq binosida faoliyatini olib borishi haqida ogohlantirilmoqda.

андижон, кутутбхона, elektrdan қарздорлик

FHDYO bo‘limining sobiq binosida zarur shart-sharoitlar yaratilib, kitoblarning ma’lum bir qismi ushbu binoga olib kelingani ma’lum qilindi.