«Hududiy elektr tarmoqlari» AJning Samarqand hududiy filiali yuridik bo‘limi boshlig‘i I.S. egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filialida bo‘lib o‘tgan muhokamada yuristni ishdan olish masalasi ko‘rib chiqilgan.

Gap shundaki, ijtimoiy tarmoqlarda yuridik bo‘lim boshlig‘i I.S.ning so‘zlari deya videolavha joylashtirilgan edi va bu holat ko‘plab salbiy fikr va e’tirozlarga sabab bo‘lgan. Videoda yuristning o‘zi bilan bir tashkilotda ishlovchi ayol G. S.ni to‘shakka taklif qilgani, bunga rozi bo‘lmasa, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 207- (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 209- (Mansab soxtakorligi) moddalari bilan ish ochishini aytib qo‘rqitgani aks etgan.

Ayolning o‘zi Facebook sahifasida post qoldirib, unda jamoatchilikdan vaziyat bo‘yicha yordam berishini so‘ragan.

«Biz qanday jamiyatda yashayapmizki, ayollar qo‘llanayotgan zamonda tashkilotda I.S.ga o‘xshaganlarga yem bo‘lsak? Nega tinch ishlashga imkon qoldirmayapti? Aybim nomusimni himoya qilganimmi?» — deydi u.

самарқанд, юрист, hududiy elektr tarmoqlari

Hokimlik xabarida ta’kidlanishicha, tomonlar fikrlari eshitilgan. Odob-axloq me’yorlari va funksional vazifalar doirasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalarga ham to‘xtalib o‘tilgan.

Muhokama yakunida I.S. jamiyatning Samarqand hududiy filiali direktori buyrug‘i bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi. Shuningdek, hududiy filial direktori o‘rinbosari G. S.ning huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yo‘llagan shikoyatigi huquqiy baho berilishi bildirildi.