Jurnalistlar va jamoat vakillari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaatnoma yo‘llashdi.

Murojaatnomada qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev 2016 yilda davlat rahbari bo‘lishi bilan O‘zbekistonda katta o‘zgarishlar boshlandi. «Jumladan, xalqimiz uzoq vaqt va intiqlik bilan kutgan so‘z erkinligi, fikr erkinligi paydo bo‘la boshladi. Bu orqali o‘tgan yillarda O‘zbekistonda matbuot erkinligi muhiti sezilarli darajada shakllanib ulgurdi».

«Ayni paytda, biz jurnalistlar va jamoatchilik vakillarini hozirga qadar saqlanib qolayotgan yashirin, lekin kuchli senzura ham bezovta qilyapti. Tahririyatlar, jurnalistlar, blogerlar, jamiyatga har qanday fikr beruvchi shaxslarning fikr bildirishida jiddiy to‘siqlar, bosimlar, qo‘rqitishlar saqlanib qolyapti», — deyiladi murojaatnomada.

Mualliflarning qayd etishlaricha, matbuot o‘zi istagan mavzuni ko‘tara olmayapti.

«Jurnalistlar o‘zlari istagan ohangda vaziyatni ko‘rsata olmayapti. Davlatning axborotni nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan muassasasi tahririyat va blogerlarga muttasil ravishda bosim qilib, axborot ohangi, shakli, mohiyatini o‘zgartirish yoki bu axborotning to‘liq chiqmasligini talab qilishda davom etmoqda», — deya ta’kidlashdi ular.

Jurnalistlar, bloger va faollarning ta’kidlashicha, ular so‘z va fikr erkinligi orqali O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishdan manfaatdor emas.

«Biz xavfsizlikni so‘z va fikr erkinligining poydevori sifatida ko‘ramiz. Lekin so‘z va fikr erkinligisiz ta’minlangan xavfsizlikni — noqis, zaif va vaqtinchalik xavfsizlik deb bilamiz», — deyiladi murojaatnomada.

Mualliflar prezidentdan O‘zbekistonda so‘z va fikr erkinligini kuchliroq himoya qilishini, bu borada konstitutsiya va amaldagi qonun normalari to‘liq ishlashini, ma’lum davlat muassasalarining jurnalistlarga, matbuotga, blogerlarga bosimlarini to‘xtatishda yordam berishinini so‘rashdi.

«Biz O‘zbekistonni kuchli, raqobatbardosh, halqaro maydonda obro‘li davlat sifatida ko‘rishni istaymiz. Buning uchun, O‘zbekistonda matbuot va so‘z erkinligi muttasil kuchayib borishi lozim. Ammo haligacha O‘zbekiston matbuoti ko‘rinmas, lekin jiddiy nazorat ostida ekanini achinarli va kelajak uchun xavfli vaziyat deb bilamiz», — deyiladi murojaatnomada.

«Muhtaram prezident, O‘zbekistonda matbuotning tom ma’nodagi mustaqilligini ta’minlashda tarixiy yordam berishingizni iltimos qilamiz», — deya murojaatga yakun yasaladi.

Murojaatnomani imzolaganlar orasida deputatlar — Shoxrux Alibekov va Bobur Rasulev, jurnalistlar — Karim Baxriyev, Xamza Jumayev, Ilyos Safarov, Anora Sodiqova, Abdurahmon Tashanov va boshqalar, siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Gulsara Shermatova, «Demokratiya va inson huquqlari» nodavlat instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva, jamoatchilik faollari — filolog Eldor Asanov, Umida Haqnazar, Aziza Umarova, Muazzam Ibragimova, Obidjon Latipov, blogerlar — yurist Zafarbek Solijonov, Farrux Samarqandiy, Sardor Salim, Xudoyberdi Razzokov, Zafar Mardonov va boshqalar bor.