Davlat xavfsizlik xizmati «Xalq banki»ning Sirdaryo viloyati Xovos filialida 3,8 milliard so‘m talon-toroj qilingani haqida xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, xizmatning viloyat bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan aksiyadorlik tijorat «Xalq banki»ning Ichki audit hamda Ichki nazorat va komplayens departamentlari mutaxassislari hamkorligida bankning Xovos filialida noqonuniy holat aniqlangan.

«2020−2023 yillar davomida qalbaki hujjatlar rasmiylashtirish va (yoki) biron-bir hujjat rasmiylashtirmasdan hamda soxta ma’lumotlardan foydalangan holda jami 3 mlrd 828 mln 400 ming so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan», — deyiladi DXX ma’lumotida.

Holat yuzasidan DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bankning Xovos filiali bir nafar mas’ul xodimiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi.