3 mart kuni Chimkent shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Muzokaralar kun tartibidan ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari o‘rin olgan. Shuningdek, ikki mamlakat yetakchi korxonalarining ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi.

3 mart kuni Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirligi UzQazTrade tashqi savdo kompaniyasi tashkil etilgani haqida xabar bergandi. Uning ta’sischilari — UzTrade va QazTrade Savdo siyosatini rivojlantirish markazi.

Ta’kidlanishicha, qo‘shma kompaniyaning tashkil etilishi korxonalarga ikki mamlakat bozorlariga tovarlar yetkazib berish hajmini oshirish imkonini beradi hamda o‘zaro savdodagi cheklovlar va to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev oxirgi marta 21−22 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lgandi.