O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 fevral kuni nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qarorni imzoladi. Unda qayd etilishicha, nogironlarning davlat idoralari rahbarlari qabuliga navbatsiz kirishi bo‘yicha imtiyoz beriladi.

3 mart kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov qarordagi mazkur norma bo‘yicha izoh berdi.

«Davlat organining mansabdor shaxsi nogironligi bo‘lgan shaxslarni navbatsiz qabul qiladi. Lekin bu murojaatni ko‘rib chiqishda qandaydir imtiyoz beriladi, degani emas. Mansabdor shaxs murojaatni qonunchilikda belgilangan tartib bo‘yicha ko‘rib chiqadi», — dedi Karimov.

adliya vazirлиги, mansabdor shaxs, nogironligi bo‘lgan shaxslar

Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov / Foto: AOKA.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nogironlar ularni qabul qilmagan amaldorlar ustidan yuqori turuvchi organlarga arz qilishi mumkin.

«Ayrim holatlarda [nogironlarni] qabul qilmaslik, ularning huquqlarini poymol qilish holatlari uchrab turadi. Bunday paytlarda [nogironligi bo‘lgan shaxslar] amaldagi qonunchilik bo‘yicha ijro etuvchi hokimiyat organi bo‘yicha yuqori turuvchi organga, ya’ni viloyat darajasida yoki Vazirlar Mahkamasiga, sudga murojaat qilishi mumkin. Ularda shunday huquqlar mavjud. Bu borada ta’sir choralari qo‘llaniladi, bu ishlarni ma’muriy sudlar ko‘rib chiqadi. Shuningdek, prokuratura organlari va Adliya vazirligiga ham murojaat qilish mumkin. Bu davlat tashkilotlariga fuqarolar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli vaziflar yuklatilgan», — dedi vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti 3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan mamlakat xalqiga yo‘llagan murojaatida inklyuziv jamiyatni barpo etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirilishini aytgandi. «Ishontirib aytamanki, sizlar o‘zlaringizni yolg‘iz his etmasligingiz uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz», — degandi davlat rahbari.