O‘zbekistondagi mehmonxonalar, xostel va oilaviy mehmon uylari intererida milliy qadriyatlar o‘z aksini topishi lozim. Bu haqda O‘zbekiston madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov 3 mart kuni Otelerlar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Mehmonxona biznesi forumi»da ma’lum qildi.

«Aytish kerakki, xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatayotgan mehmonxona, xostel va oilaviy mehmon uylari egalari hi-tech, milliy va klassik uslublarni uyg‘unlashtirgan holda jihozlash va interer qilishga alohida e’tibor qaratishlari lozim. Hattoki, eng zamonaviy 5 yulduzli mehmonxonalarda ham milliyligimiz, o‘zligimiz aks etgan detallar bo‘lishi lozim», — deya qayd etdi u.

Uning fikricha, bu har bir sayyohning, eng avvalo, O‘zbekiston haqidagi tasavvuri shakllanishi, shuningdek, o‘zbek xalqiga xos urf-odat, an’ana va qadriyatlari haqida tushunchaga ega bo‘lishiga xizmat qiladi.

Forumda mehmonxona biznesiga oid trend mavzular — xizmatlar kollobaratsiyasidan tortib, IT-yechimlargacha muhokama qilindi.