Toshkentda o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida futbol bo‘yicha Tojikiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi, belaruslik mutaxassis Oleg Kubaryov mashg‘ulot maydonlari sifatini tanqid qildi. Video «Futbol yangiliklari» Telegram kanalida e’lon qilindi.

Toshkentga ilk bor kelgan murabbiy mashg‘ulotlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Ko‘ryapmanki, bu yerda ajoyib stadionlar bor, lekin mashg‘ulot maydonlari yomon. Mashg‘ulotlar uchun sharoitlar, menimcha, jamoalar saviyasiga to‘g‘ri kelmaydi. Bunday maydonlarda bunday turnirga tayyorgarlik ko‘rish, menimcha, noto‘g‘ri. Chunki bu maydonlar jarohatlaydigan. Bu maydonlarda faqat bitta plyus narsa bor — ular tabiiydir. Men bu yerda boshqa hech qanday [ijobiy] narsani ko‘rmayapman», — dedi Kubaryov.

Xuddi shu Telegram kanalida e’lon qilingan boshqa bir videoda Oleg Kubaryov matbuot markazidagi stollarda suv yo‘qligini qayd etgan.

«Faqat xafa bo‘lmang. Men [matbuot anjumaniga] 30 daqiqa yurib keldim — bu yerda esa suv yo‘q», — dedi u stolga ishora qilib. — «Men birinchi marta suv yo‘q joyda matbuot anjumanida turibman», — dedi Kubarev.

Futbol menejeri, sport eksperti Alisher Nikimbayev o‘zining Telegram-kanalida jamoa murabbiylari ilk kunlardanoq mashg‘ulot maydonlari sifatidan noliy boshlaganini ta’kidladi.

«Tashkilotchilar va ularning OFKdagi (Osiyo Futbol Konfederatsiyasi — tahr.)dagi hamkasblari maydonlarda muammolar bo‘lishini bilishgan. Va agar bu yagona muammo bo‘lsa, unda tashvishlanadigan hech narsa bo‘lmasdi. Biroq hozirgi muammolar o‘tgan yilgi 23 yoshli o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi muammolari ustiga qo‘yiladi va bu O‘zbekistonda bo‘lajak qit’a turnirlarini o‘tkazish istiqbollari haqida pessimistik xulosa chiqaradi», — deb yozadi Nikimbayev.

Biroq, uning fikricha, bu O‘zbekiston endi qit’a musobaqalariga mezbonlik qilmaydi, degani emas, chunki 17 va 20 yoshli o‘smirlar, ayollar terma jamoalari va futzal o‘rtasidagi turnirlarni hamma davlatlar ham o‘tkazishni xohlayvermaydi.