2 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev hamda qo‘shni mamlakat Fuqaro aviatsiyasi qo‘mitasi raisi Talgat Lastayev rahbarligida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, kelishilgan yo‘nalishlarda muntazam aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar natijasiga ko‘ra, tomonlar fuqaro aviatsiyasi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishdi. Xususan, Ostona-Toshkent-Ostona hamda Olmaota-Toshkent-Olmaota yo‘nalishlarida muntazam aviaqatnovlar sonini oshirish belgilab olindi.

Shuningdek, ikki mamlakat aviakompaniyalari quyidagi yo‘nalishlarda muntazam yo‘lovchi qatnovlari tashkil etadi:

  • O‘zbekistondan Qozog‘iston hududida qo‘shimcha 5 ta shahar — Qarag‘anda, Ust-Kamenogorsk, Pavlodar, Kokeshtau, Tarazga;
  • Qozog‘istondan O‘zbekiston hududida qo‘shimcha 6 ta shahar — Qarshi, Farg‘ona, Buxora, Andijon, Navoiy, Termizga.