3 mart kuni Oliy Majlis Senati O‘zbekistonning AQShdagi elchisi lavozimiga Furqat Sidiqov nomzodini ma’qulladi, deb xabar berdi «Gazeta.uz»ga yuqori palata matbuot xizmati.

Furqat Ahmedovich Sidiqov 2022 yil noyabridan buyon O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. 2020 yilning may oyidan u tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Furqat Sidiqov 1971 yil 7 fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 1993 yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. UzDaewoo Electronics QKda bosh mutaxassis (1993−1995), Prezident huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar institutida xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim (1995−2002, 2007−2011) lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida attashe (2002−2007), ushbu elchixonaning birinchi kotibi (2011−2015), O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi (2015−2020) lavozimlarida ishlagan.

2017 yildan buyon O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik missiyasini Javlon Vahobov boshqarib kelmoqda. Endi u tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlanishi kutilmoqda, bu ma’lumotni «Gazeta.uz»ga ikki mustaqil manba tasdiqladi.