Toshkentda 4 mlrd so‘mdan ortiq tamaki mahsulotlarining noqonuniy ravishda saqlanayotgani aniqlandi deya xabar berdi Bojxona qo‘mitasi «Gazeta.uz»ga.

Qayd etilishicha, Bojxona qo‘mitasining Toshkent viloyati bojxona boshkarmasi Kontrabandaga karshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Toshkent viloyati davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar idoralari va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda Toshkentning Mirobod tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tezkor tadbirda xonadonlardan biri belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan va noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan 144 turdagi 228 ming 144 quti tamaki mahsulotlari noqonuniy ravishda saqlanayotgani aniqlangan.

«Ushbu holatda olib qo‘yilgan tamaki mahsulotlari O‘zbekiston Respublikasining aksiz markalari hamda raqamli markirovka kodlari bilan qadoqlanmagan. Shuningdek, sigaretlarning inson salomatligiga zarari haqida ogohlantirishlar ham mavjud emas. Ayni shu jihatning o‘zi mazkur sigaretlarning asosiy qismi kontrafakt mahsulotlar ekanligini anglatadi», — deya qayd etilgan xabarda.

Ushbu holatda olib qo‘yilgan sigaretlarning umumiy qiymati 4 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etgan. Ushbu tamaki mahsulotlari ichki bozorga chiqib ketganida, davlat budjetiga 2 mlrd 528 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan bo‘lar edi, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil hamda 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 383 ta holatda qiymati salkam 37 mlrd so‘mlik 2 173 128 quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.