Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Nin AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning Xitoyning Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha pozitsiyasi haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi.

2 mart kuni Xitoy TIV matbuot kotibi navbatdagi brifingda Entoni Blinkenning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida aytgan «Xitoy ikkala tomonda ham o‘ynay olmaydi. U Vladimir Putin yoqqan olov alangasini yoqishda davom etar ekan, o‘zini tinchlik tarafdori bo‘lgan kuch sifatida ko‘rsata olmaydi», shuningdek, «Xitoy Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, bu esa halokatlarga sabab bo‘lishi mumkin» kabi so‘zlariga to‘xtalib o‘tdi.

Uning fikricha, aynan AQShning o‘zi Ukrainadagi urushni halokatli qurollar bilan ta’minlab, alanga yoqib, hamma yerda yolg‘on ma’lumot tarqatmoqda.

«Xitoy bunga keskin qarshi. Xitoy har doim Ukraina masalasida xolis va adolatli pozitsiyaga amal qilgan, tinchlik va inqirozni siyosiy yo‘l bilan hal etishga ko‘maklashish, doimo tinchlik va muloqot tarafdori», — deya qayd etdi Mao Nin.

Vazirlik rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar suverenitet va hududiy yaxlitlikni hurmat qilishini faqat og‘zaki da’vo qiladi, lekin aslida bunday emas. Shuningdek, o‘z siyosiy majburiyatlarini buzgan holda Tayvan masalasida qizil chiziqdan o‘tishga harakat qiladi.

«Qo‘shma Shtatlar tinchlikni xohlashini da’vo qiladi, lekin ular butun dunyo bo‘ylab urushlarni keltirib chiqaradi va qarama-qarshilikni qo‘zg‘atadi. AQSh dunyo tartibini saqlash kerakligi va bunga hurmat bilan munosabatda bo‘lish muhimligini ta’kidlaydi. Lekin ular ichki qonunchilikni xalqaro huquqdan ustun qo‘yib, noqonuniy bir tomonlama sanksiyalarga murojaat qiladi. Qo‘shma Shtatlar o‘zini halol raqobat tarafdoridek ko‘rsatadi, ammo aynan AQSh davlat hokimiyatini suiiste’mol qilib, boshqa mamlakatlardagi kompaniyalarga o‘zboshimchalik bilan bosim o‘tkazadi va shu bilan xalqaro savdo qoidalarini buzadi», — deyiladi vazirlik munosabatida.

Bayonotda AQSh, birinchi navbatda, aybni o‘zidan qidirishi kerakligi, faktlarni buzib ko‘rsatishidan tiyilishi, nizo qo‘zg‘ashdan ko‘ra tinchlikni targ‘ib qilishi va muzokaralarga kirishishda mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerakligi ta’kidlab o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken O‘zbekistonga tashrifi davomida matbuot anjumanida qatnashib, Xitoyning Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha takliflari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgandi.

«U yerda [tinchlik rejasi] ba’zi ijobiy jihatlar bor, jumladan, oldin Xitoyning o‘zi bir necha bor aytgan so‘zlari yoki Ukrainaning o‘zida mavjud bo‘lgan takliflar. Ammo Xitoy haqiqatan ham suverenitetning birinchi tamoyiliga jiddiy qaraganida edi, o‘tgan yili Ukraina suverenitetini to‘liq tiklashni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardi. Xitoy esa buning teskarisini qildi, o‘zi Rossiyaning urush haqidagi propagandasi va dezinformatsiyasi targ‘ibotini olib bordi, xalqaro tashkilotlarning Rossiya manfaatlari yo‘lidagi faoliyatiga to‘sqinlik qildi. Ayni paytda, oldin ma’lumot berganimizdek, Xitoy Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, bu esa halokatlarga sabab bo‘lishi mumkin», — degandi AQSh davlat departamenti rahbari.