O‘zgidromet xizmati agentligi mart oyida qanday ob-havo kuzatilishi bo‘yicha ma’lumot berdi.

Respublikada mart oyi yog‘ingarchilik miqdori va bunday sharoit kuzatiladigan kunlar soni bo‘yicha yil davomida eng ko‘p yog‘ingarchilik bo‘ladigan oy hisoblanadi. Shimoliy hududlarni va cho‘l zonasini hisobga olmaganda, mart oyida o‘rtacha 10 kundan 15 kungacha yog‘inli kunlar kuzatiladi.

Xususan, 2023 yil mart oyi juda iliq ob-havo bilan boshlanadi. Oyning birinchi o‘n kunligida harorat kunduz kunlari +17…+22 darajagacha, ayrim kunlarda +24…+27 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +29 darajagacha ko‘tariladi.

5−6 mart kunlari va o‘n kunlik oxirida respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Yomg‘ir paytida kunduzgi havo harorati biroz pasayadi, bunday holatga qaramay, mart oyining birinchi o‘n kunligi me’yorga nisbatan iliqroq bo‘ladi.

Mart oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kechalari +7…+12 darajadan 0…+5 darajagacha (ba’zi joylarda -2 darajagacha bo‘lishi mumkin), kunduz kunlari +20…+25 darajadan +10…+15 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.

Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlarida (har bir o‘n kunlikda 1−3 kundan) asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, so‘nggi 50 yil ichida 1972 yilning mart oyi eng sovuq bo‘lgan, hatto mart oyining uchinchi o‘n kunligida ham harorat kechalari −10…−15 darajagacha pasaygan. So‘nggi yillar O‘zbekistonda mart oyida asosan iliq ob-havo kuzatilmoqda.

2008, 2016, 2018 yillarning mart oylari barcha kuzatuv yillari uchun eng iliq uchlikka kirgan. Eng issiq kunlarda harorat +30…+32 darajagacha, janubda ba’zi joylarda +35…+37 darajagacha ko‘tarilgan.

Ta’kidlanishicha, 2022 yilning mart oyi yoqqan yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha yetakchi bo‘lgan. Mamlakatning shimoli va janubidan tashqari, hududning katta qismida yog‘ingarchilik me’yordan 2−3 marta, ba’zi joylarda 3,5−4,5 marta ko‘p bo‘lgan. Toshkentda bir oy ichida 188 mm yog‘ingarchilik bo‘lgan. Bu deyarli uch oylik me’yorni tashkil etadi va poytaxtda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun oylik yog‘ingarchilik miqdori rekordidir.

So‘nggi 25 yil ichida 1998 yilning mart oyida eng ko‘p qor yoqqan, bunda Toshkent shahrida qor qoplami 9 kun davomida kuzatilgan, uning maksimal balandligi 22 santimetrni tashkil etgan.