2 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tkazilgan Qo‘shilmaslik harakati sammitida nutq so‘zladi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Davlat rahbari nutqi avvalida Ozarbayjon yetakchisi raisligi davrida Qo‘shilmaslik harakatining xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi keskin oshganini, tashkilot tarixida birinchi bor parlamentlar va yoshlar qanotlari tashkil etilganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda insoniyat pandemiyaga qarshi kurashish bilan bir qatorda iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar va texnogen fojialarning ayanchli oqibatlarini ham boshidan o‘tkazayotganiga to‘xtalib, bu muammolarning ko‘lami tobora kengayib, ular nafaqat ayrim davlatlar, balki butun bir mintaqalarning xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti uchun jiddiy xavf solayotganini qayd etdi.

«Albatta, bunday qiyin va murakkab sinovlarni faqatgina birgalikda, bir-birimizni yaqindan qo‘llab-quvvatlagan holda yenga olamiz. Shu ma’noda, O‘zbekiston 2030 yilga qadar mo‘ljallangan Senday hadli dasturining asosiy maqsadlariga erishish bo‘yicha Global platforma faoliyatini yanada kuchaytirish tarafdoridir», — dedi u.

Bu kabi favqulodda holatlar sabablarini chuqur o‘rganish hamda ofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Qo‘shilmaslik harakatining maxsus monitoring va ilmiy tadqiqot tarmog‘ini tashkil qilishni taklif etib, bu institutni O‘zbekistonda joylashtirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev hozirda geosiyosiy va mafkuraviy ziddiyatlar kuchayib, ularning ta’sirida jahonning turli nuqtalarida yangi notinchlik o‘choqlari paydo bo‘layotgani haqida gapirdi. Yaqin Sharq mintaqasi va Afg‘onistonda uzoq vaqtdan buyon saqlanib qolayotgan nizolarning global yechimi hanuzgacha topilgani yo‘qligini ta’kidladi. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda barcha davlatlarda terrorizm va ekstremizmning xavf-xatari o‘sib borayotganini aytdi.

«Ana shunday tahlikali vaziyatda biz Qo‘shilmaslik harakatini terrorizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashning xalqaro-huquqiy bazasini mustahkamlash bo‘yicha umumiy intilishlarga yetakchilik qilishga chaqiramiz. Ushbu jarayonda harakatga a’zo barcha davlatlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirishiga qat’iy ishonamiz», — dedi u.

«Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilish jarayonida, Xavfsizlik kengashi tarkibida [Xitoy, Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya doimiy a’zo hisoblanadi] kelgusida Qo‘shilmaslik harakati a’zolarining doimiy o‘rni bo‘lishi kerak. Shu o‘rinda afg‘on masalasi bo‘yicha algoritmni kelishish uchun BMT huzurida Xalqaro muzokaralar guruhini tuzishga doir O‘zbekiston taklifini qo‘llab-quvvatlaysizlar, deb ishonaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

бмт, озарбайжон, xavfсизлик kengashi, шавкат мирзиёев, қўшилмаслик harakati

Davlat rahbari nutqi davomida global kun tartibidagi yana bir muhim masala — bu davom etayotgan va yakuni hali ko‘rinmayotgan iqtisodiy inqiroz asoratlarini yumshatishga ham to‘xtalib o‘tdi. Bunday qiyin vaziyatda eng katta og‘irlik va salbiy ta’sir, avvalo, aynan rivojlanayotgan davlatlar zimmasiga tushayotganini aytdi.

«Bugungi sammit kabi nufuzli anjumanlar birinchi navbatda o‘zaro amaliy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma dasturlar va yirik loyihalarni ilgari surish uchun keng iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochib berishi lozim. Bu xayrli rejani amalga oshirish maqsadida tashkilotimiz sammitlari arafasida Qo‘shilmaslik harakati Iqtisodiy forumini muntazam o‘tkazib borishni taklif etaman», — dedi prezident.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyeyov yoshlarning sifatli ta’lim va professional bilim olish, tibbiy xizmatlardan foydalanish va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari keskin kamayib borayotgani haqida gapirdi.

«Eng yomoni, yosh avlodning kelgusida hayotda o‘z munosib o‘rnini topishiga bo‘lgan ishonchi va qat’iyati susaymoqda. Shuningdek, minglab yoshlarning ongu tafakkuriga buzg‘unchi va radikal mafkuralar ta’siri ham tobora kuchaymoqda. Biz o‘tgan yili Toshkent shahrida bu masalalar yechimiga qaratilgan, yoshlar ta’limi va tarbiyasiga bag‘ishlangan ikkinchi global konferensiyani o‘tkazdik», — dedi davlat rahbari.

Bu borada siyosat va rejalarni uyg‘unlashtirish, to‘plagan tajribalar bilan o‘rtoqlashish maqsadida harakat yoshlar tarmog‘ining «Cheksiz imkoniyatlar sammiti»ni kelgusi Samarqandda tashkil etish niyatida ekanini bildirdi.