Prezident 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturini tasdiqladi. O‘zAda mazkur hujjat matni e’lon qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytiriladi. Bunda pensiya ta’minotini yaxshilash va pensionerlarni qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.

Shu vaqtgacha pensionerga hisoblab chiqarib qo‘yilgan, lekin u tomonidan o‘z vaqtida talab qilib olinmagan pensiya puli pensiyani olish maqsadida murojaat etilganidan oldingi o‘n ikki oydan oshmagan davr uchun to‘lanardi.

2023 yil 1 iyuldan boshlab davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 300 taga, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni esa 570 taga yetkaziladi.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir bemorlar, keksalar va boshqalar)ga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlari manziliga borib o‘rganilganda qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.

Elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini proaktiv tarzda ko‘rsatish (fuqaro murojaatini kutmasdan, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘z tashabbusi bilan) taklif yuborsa bo‘ladi.

Shuningdek, 2023 yil 1 sentabrdan boshlab aholi va tadbirkorlarga subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha xizmatlar bosqichma-bosqich Aholi va tadbirkorlik subyektlariga subsidiya ajratishning yagona elektron platformasiga o‘tkaziladi. Shaxsga subsidiya ajratish elektron platforma orqali onlayn tekshiriladi. Bunda subsidiyalar ajratish to‘g‘risidagi arizalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoki istalgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali topshirish imkoniyati yaratiladi.