1 mart kuni Fransiyaning Tuluza shahrida joylashgan fuqarolik milliy aviatsiyasi institutida hududida buyuk astronom va olim Mirzo Ulug‘bek haykali o‘rnatildi, deya xabar bermoqda O‘zbekistonning Parijdagi elchixonasi matbuot xizmati.

2,4 metr balandlikdagi bronzadan yasalgan san’at asari narpaylik haykaltarosh Umrzoq Sharipov tomonidan yaratilgan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 31 yilligi doirasida Tuluza shahridagi botanika bog‘i hududida «O‘zbek bog‘i»ning ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda 70 ga yaqin mehmonlar, jumladan, Samarqand viloyati hokimiyati delegatsiyasi, Tuluza shahri meriyasi va fransuz ilm-fan va madaniyat doiralari vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, Samarqand viloyati hokimligi delegatsiyasi va Oksitaniya mintaqasining vitse-prezidenti Nadiya Pellefig hamda ushbu mintaqa iqtisodiy rivojlanish agentligi rahbariyati, Tuluza meriyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. Tashrif doirasida Airbus samolyotsozlik zavodiga ham borilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Parijdagi Fransiya milliy tibbiyot instituti akademiyasining direktorlar kengashi taxt zalida Abu Ali ibn Sinoning bronza byusti o‘rnatilgandi.