Daniyaning Maersk Air Cargo yuk aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airports axborot xizmati.

Qayd etilishicha, aviakompaniya Billund-Navoiy-Xanchjou-Navoiy-Billund yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga parvozlarni rejalashtirmoqda. Yuk tashuvchisining birinchi parvozi 20 martga belgilangan.

Ma’lumot uchun, Maersk Air Cargo aviakompaniyasi boshida haftasiga 6 marta reyslarni amalga oshiradi, keyinchalik reyslar haftasiga 36 martagacha ko‘payadi. Boeing 767 yuk samolyotlari Daniyadan O‘zbekiston orqali Xitoyga va ortga uchadi. Navoiy aeroporti aviakompaniya samolyotlarini texnik qo‘nish, yonilg‘i quyish va ekipajni almashtirish uchun tranzit punktiga aylanadi.

Maersk Air Cargo shtab-kvartirasi Daniyaning Billund shahrida joylashgan Daniya yuk aviakompaniyasidir. Kompaniya 2022 yilda Maersk logistika guruhi tarkibiga kiruvchi Star Air aviatashuvchisi negizida tashkil etilgan.