«O‘zbekkonsert» davlat muassasasida 24 fevral kuni «san’at ahlining huquq va manfaatlarini himoya qilish, muassasaning 2022 yil sarhisobi va 2023 yil rejalari hamda „Kontrafaktsiz oy“ oyligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida amalga oshiriladigan ishlar» muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov olib borgan.

Vazir o‘rinbosarining san’atkorlar ijodi va odobiga bag‘ishlangan so‘zlari videosi «Daryo» tomonidan e’lon qilindi. Yig‘ilishda xalq artistlari Farrux Zokirov, Jenisbek Piyazov, xizmat ko‘rsatgan artistlar Azim Mullaxonov, Abdulla Shomag‘rupov, G‘iyos Boytoyev, Samandar Hamroqulov, Mavluda Asalxo‘jayeva, xonandalar Manzura, Dilshod Rahmonov, Jahongir Poziljonov, Imron, qiziqchi Valijon Shamsiyev, «Million» kulgu jamosi rahbari Davron Kabulov va boshqalar ishtirok etganini ko‘rish mumkin.

Yig‘ilish xonanda Kaniza Ahmedova ishtirokidagi tadbirlarda olingan videolavhalar tarqalib, uning kiyimi va xatti-harakatlari tarmoqda qizg‘in muhokama qilinayotgan bir vaqtda o‘tkazilgan. Aynan shu yig‘ilishda Kaniza Ahmedovani litsenziyadan mahrum etish to‘g‘risidagi qaror «bir ovozdan» qabul qilingan. Xonandaning o‘zi «shamollab yotgani uchun majlisga borolmagani»ni aytib, uning ustidan chiqarilgan qarorni qoralagan va sog‘aygach, madaniyat vazirining «saroyi»ga borishini ta’kidlagan.

«Gazeta.uz» vazir o‘rinbosarining so‘zlarini matnga tushirdi. Amaldorning ma’ruzasida mavzular tez o‘zgargani, kutilmaganda u mavzudan bu mavzuga o‘tish holatlari borligi uchun, bir-biriga yaqin mavzudagi fikrlar alohida bo‘limchalarda jamlandi.

«Ramkada yurish kerak»

Vazir o‘rinbosari ayrim san’atkorlar «ramka»dan chiqib ketayotganini ta’kidlagan.

«Yana aqllilik qilyapti demanglar-u, lekin (qo‘li bilan tomog‘ini ko‘rsatib, „jonga tegyapti“ ma’nosida) mana bu yerga kelyapti. Kekirdagini cho‘zadi — qayergacha borasan? Nima qilasan? Mana, televideniyeng ham olyapti, boshqa narsang ham olyapti — ramkada yurish kerak ozgina, ozgina yonga kirish kerak», — dedi u.

Bahodir Ahmedov tez orada sohada tartib-intizom joy-joyiga qo‘yilishini ma’lum qilgan.

«Qarorlar chiqadi, hammasi o‘zining joyiga tushadi. Ertami-indinmi, asta-sekin jamiyat o‘z so‘zini aytadi. Hech narsa to‘xtab qolmaydi. Mendan oldingilar ham ishlab ketgan, mendan keyingilar ham ishlab ketadi. Vaqti-soati bilan hammasi joyiga, iziga tushadi, tushmasdan iloji yo‘q. Yo tushadi, yo (ko‘rsatkich barmog‘ini tepaga ishora qilib — tahr.) tushirib qo‘yadi. Arqonni uzun tashlab qo‘yibdi hozir. Kelgan paytda „sen juda mening ishimga aralashvordingmi“ deb bir tortadi, yetti qatlamni tagiga kirib ketib qoladi», — degan vazir o‘rinbosari.

«O‘zbekkonsert» rahbari Davron Sheraliyev (chapdan birinchi). Foto: «O‘zbekkonsert» matbuot xizmati«O‘zbekkonsert» rahbari Davron Sheraliyev (chapdan birinchi). Foto: «O‘zbekkonsert» matbuot xizmati

Yig‘ilish davomida vazirlik vakili «O‘zbekkonsert» rahbari Davron Sheraliyevni «yozuv-chizuvdan qo‘rqmay» harakat qilishga chaqirgan.

«Hammasini o‘zini joy-joyiga qo‘yish kerak. Hech narsa bo‘lmaydi. Yozuv-chizuvi, fisqu fasod… Hali judayam ko‘p bo‘ladi — mana shu yig‘ilishdan keyin ham boshlanadi. Qo‘rqma, qil. Bu narsalar qachondir joyiga kelishi kerak, qachondir bu narsalar o‘zgarishi kerak. Qo‘rqish yo‘q, qonun bor, qoida bor. Hammasini o‘zini joyiga qo‘yish kerak. Bu senzura emas! Buni o‘ylash kerak. Keyinini o‘ylash kerak, avvalini va keyinini o‘ylash kerak», — deb qo‘shimcha qilgan Bahodir Ahmedov.

«Mentalitetga mos san’atni olib chiq»

Bahodir Ahmedov xonandalarni mentalitetga mos bo‘lgan qo‘shiqlar yaratishga da’vat qilgan.

«Eski-eski qo‘shiqlarni olib chiqyapti. Ijod bo‘lmaganidan keyin nima qilish kerak? Shoir yo‘qmi? «Pochka»lab kitob chiqarib, «pochka»lab she’r yozib yotibdi. Navoiy g‘azallarini berkitib qo‘yganmizmi? Kutubxona to‘lib yotibdi. Bobur g‘azallarini yopib qo‘yganmizmi? Kutubxona to‘lib yotibdi. Ol qo‘lingdan kelsa, ijod qil», — dedi vazir o‘rinbosari.

«So‘zining mantig‘i yo‘q qo‘shiqlarni aytasan, yana aqllilik qilasan. Sahnaga chiqib, yalang‘och gaplarni gapirasan, yana birovni ro‘kach qilasan, „qani bu narsa, qani u narsa“, deb. Mentalitetga mos va xos bo‘lgan, millatning hurmatini joyiga qo‘yadigan, ota-onalar maza qilib ko‘radigan, e’zozlaydigan san’atni olib chiq. Yetib kelolmayapmizmi o‘shanga? Vaqt ham yo‘q shu narsaga», — dedi u.

«Umraga borib, qanday qilib o‘zingni reklama qilasan?»

Bahodir Ahmedov san’atkorlarning Umra ziyoratiga borib, u yerda suratlarga tushib, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishini tanqid qildi.

«Allohning uyiga borib, ibodatingni qilgin! Rasmga olib, o‘zingni reklama qilishning nima keragi bor? Sen u yerga ibodatga borgansan. Qanday qilib [bunday ish qilasan], ey, Xudo xayringni bergur. Allohning uyi-ku. Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam ravzalariga o‘zingni reklama qilishga bormaysan», — dedi vazir o‘rinbosari.

«„Arg‘umoq ostingdadir, tog‘larni kez, bog‘larni kez, Nogahon bu arg‘umoq ostingda bo‘lgay-bo‘lmagay!“, deydi… Belingdagi mador, oyog‘ingdagi quvvat bo‘ladi. Ertaga hammasi ketadi. Oy o‘tar, kun o‘tar, bitta-bitta o‘zingni tark etadi tanang. Cho‘kkalatib, o‘tqazib qo‘yib so‘raydi. Har bitta qilgan gapimiz, so‘zlagan so‘zimizga javob berishimiz kerak. Kundan-kun yosh o‘tgan sari odamni o‘ziga-o‘zi savol kelib chiqaveradi. „Nima deyman ertaga“, — deydi. Shuning uchun to‘g‘ri tushuninglar, to‘g‘ri qabul qilinglar», — deya qayd etgan u.

Bahodir Ahmedov odam ichidagi «men»ini, o‘zini bosib olishi kerakligini uqtirgan.

«Jamiyat o‘zini tushunib, o‘zligini anglamaguncha Madaniyat vazirligining, Ozodbek Nazarbekovning oldidagi 140 kishi bilan hamma narsaga ham qurbi yetmaydi. O‘zingni angla degani — avval jamiyat o‘zini anglash kerak, odam o‘zini anglash kerak. Bittasi g‘iybat qilsa, [odamlar uning oldidan] «sog‘ bo‘l» deya ikki marta qayrilib ketsa, ikkinchi g‘iybat qilmaydigan darajaga kelishi kerak. Odam ichidagi «men»ini ozgina bosishi kerak. «Menda bor, unda bormikin?», degan savolni berishi kerak. «Shuni ko‘z-ko‘z qilsam, nimaga erishamanu, ko‘z ko‘z qilmasam nimaga erishaman», degan narsa bo‘lishi kerak. Odam sal yerda yurishi kerak», — dedi u.

баҳодир аҳмедов, каniза, madaniyat va turizm vazirлиги, o‘zбекkonsert

Bahodir Ahmedov 2023 yilning dastlabki ikki oyi ichida san’atkorlarga nisbatan 4 ta ma’muriy va 2 ta jinoiy ish ochilganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim san’atkorlar o‘z farzandlarini diniy bilim olishi uchun hujralarga topshirgan.

«Bizda Islom universiteti bor, islom ta’lim muassasalari bor — Buxoroda, Samarqandda, Toshkentda. Juda ko‘p olimlarimiz u yerda dars beradi. Shunga qaramay, 5 nafar san’atkor o‘z farzandlarini hujraga bergan», — deya ma’lum qilgan u.

Yodgor Sa’diyevni «g‘iybat qilganlar»ga: «Hey, kimsan sen hali?»

Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari o‘z chiqishi davomida xalq artisti Yodgor Sa’diyev so‘kingani bilan bog‘liq hodisaga to‘xtalib, uning bu xatti-harakatini tushuntirishga uringan (ayni vaqtda, gap aynan qaysi voqea haqida ketayotganiga, xalq artistini kim «g‘iybat qilgani»ga aniqlik kiritilmagan).

«Bittasi Yodgor aka Sa’diyevni g‘iybat qilibdi. Hey, kimsan sen hali?! Sen u kishiga o‘xshab ikkita rolni qoyillatib o‘ynab qo‘y, odamni diyonatga chorlab qo‘y. Jahli chiqqanda, asabi buzilgandan so‘kadi-da, kerak bo‘lgan paytda. Yomon bo‘lsin, deb so‘kadimi? Yomon bo‘lsin deb gapiradimi? [Yo‘qsa] nima keragi bor bu odamga?», — dedi vazir o‘rinbosari.

«Unvoniyu ordeni, hamma [bilan] muloqoti bor. Ko‘chaga chiqsa, hamma qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, „assalomu alaykum“ deydi, 7 yoshdan 70 yoshgacha hamma hurmat qiladi. Qaysi bir davlatga, qaysi bir yurtga borsa, MDH davlatlarida hurmat bilan hurmatini joyiga qo‘yishadi. O‘tirgan kreslosini, aravasini bir tortib ko‘rgin avval, qanaqa og‘irligini bilasan», — dedi Bahodir Ahmedov.

«Konsertdan keyin san’atkorlarning xonalariga qaranglar — ahvolini ko‘rasiz»

Bahodir Ahmedov san’atkorlarning madaniyati haqida gapirarkan, ularga chet elliklarni namuna qilib ko‘rsatgan.

«Ko‘chaga chiqib, bittasi sigaretining qoldig‘ini yerga tashlayotgan bo‘lsa, oldiga borib, „kechirasan og‘ayni, yerdan yaralganmiz, yerga qaytamiz, agar yer qabul qiladigan bo‘lsa, yerga narsa tuflamagin“ deyolmaydi. Pista po‘chog‘ini tashlasa, „mening yurtim bu, ol yerdan“, deyolmaydi. Lekin g‘ayridinlik odam qaysidir davlatda „ol!“ deydi, „mana, qutichaga sol“ deydi, „chekma, aravada bolamni olib ketyapman, yonimda chekma, nariyoqqa bor“, deydi. Biz shu gaplarni gapirolmaymiz-ku?», — dedi vazir o‘rinbosari.

«Mozorga kirganda ham, lahadning oldida ham sigaret chekib, yerga tashlaymiz. Bittamiz turib, „og‘ayni, bu yerda zamonaviy gapni gapirishga ham haqqing yo‘q“, — degan gapni ham gapirolmaymiz-ku. Lekin siyosat olamiyu boshqa narsaga kelgan payt hammayoq pildir-pildir», — dedi Bahodir Ahmedov.

«Agar zo‘r bo‘lsangiz, ko‘chaga chiqing — ko‘chani qarang, baklajkani qarang. Onamiz tengilar sariq kiyim kiyvolib, o‘sha yerlarni tozalaydi, sovuqda, hamma qahraton qishda, -23 haroratda o‘tirganida o‘shalar ko‘chada qor kurab yurdi. Haqiqat-ku bu», — dedi u.

««Xalqlar do‘stligi»da bitta konsertdan keyin san’atkorlarning xonalariga qaranglar, ahvolini ko‘rasiz. Mana-ku madaniyat. Yapon futbolistlarini aytishadi: hammayoqni yig‘ishtirib, bir martalik idishlarni ham yuvib, ta’zim qilib chiqib ketadi, deb. O‘sha yaponlar ham madaniyatini ko‘rsatyapti. G‘iybat, fisqu-fasoddan qancha qoldi? Anchami? Kim javob beroladi?», — degan u.

баҳодир аҳмедов, каniза, madaniyat va turizm vazirлиги, o‘zбекkonsert

Vazir Ozodbek Nazarbekov qanday ishlayotgani haqida

Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov o‘z chiqishida na turizmda, na madaniyat sohasida biror ish qoyil qilinayotganini ta’kidlagan.

«„Madaniyatda zo‘r“ [deb] o‘ylamanglar. Ochig‘ini aytaman — hech qanaqa zo‘r emas, turizmni ham qoyillatib qo‘yayotgan joyimiz yo‘q, madaniyatni ham qoyillatib qo‘yayotgan joyimiz yo‘q. Biz faqat gapirishni bilamiz. Bir paytlar ustozlar yaratib qo‘ygan san’at bor edi. Ushlab turolmadik-ku, payti kelganda o‘sha san’atga qo‘ygan poydevorni, ushlab qololmadik-ku… Bittang borib, yonimda turib beradigan odam deydigan narsa yo‘q-ku. Yozishni biladi, yozib gapirishni biladi. Gap undamas. Odam turib berish kerak: o‘sha millatni madaniyati uchun, san’ati uchun», — degan u.

Bahodir Ahmedovning qayd etishicha, vazirlik rahbari Ozodbek Nazarbekov hozir tinim bilmay ishlamoqda.

«Vazirlikni «obsujdat» qilishni yig‘ishtiringlar. O‘sha vazir [Ozodbek Nazarbekov]ning ham ko‘zi uchib turgan joyi yo‘q [edi]. Hozir «Xalqlar do‘stligi»da 20 kun konsert qo‘yaman, desa, 4 ta joyda afisha ilsa, reklamasini qilsa, 20 kun konserti to‘ladi. Hozir Tojikistonga borib qo‘ysa, har kuni… Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiyadan, qancha- qancha davlatlardan kelaman deganlar… Shu joylarga borib, konsertini qo‘ysa, bemalol tirikchiligi o‘tadi, bemalol hamma narsasi yetadi. Yo‘q, yurtboshi aytdimi, shu joyda o‘tirasan, shu aravani tortasan, dedimi… u ham tinayotgani yo‘q. Men [vazirlikni boshqarayotgan] paytda kelgandi. Men hozir uning qo‘lida ishlayapman. Lekin u ham tinayotgani yo‘q», — dedi u.

«Oylik to‘g‘risida gapirmaydi. Solist vaqtlari har oy ikki marta chet elga chiqib kelardi, mablag‘i ham yetardi, erkin qush edi… Bitta gapini ushlab olib, har xil g‘iybat, fisqu fasod… Kim „oshibka“ qilmaydi? Qolganlar tilladanmi? Hamma „oshibka“ qiladi, hamma kamchilik qiladi. Qaysidir so‘zda, qaysidir joyda noto‘g‘ri gaplarni ishlatib qo‘yishi mumkin. Ushlavolib, odamning ustidan mag‘zava to‘kish kerakmas. Sherik ham bo‘lish kerak emas», — deya qo‘shimcha qilgan Ahmedov, gap qaysi «fisqu-fasod» haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan.