Uzbekistan Airways 18 martdan 22 martgacha O‘zbekiston bo‘ylab amalga oshiriladigan mahalliy aviaqatnovlarning ekonom va bizness klass tariflariga 21 foizlik chegirma e’lon qildi.

Kompaniya chegirmalarni birlashtirish (bolalarniki bundan mustasno) taqiqlanishini bildirib, ular 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun (INF) amal qilmasligini eslatib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, 2 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 25 foizlik bolalar chegirmasiga qo‘shimcha ravishda 21 foizlik chegirma taqdim etiladi. Aviachipta qaytarilganda, qayta bronlashtirilganda yoki qayta rasmiylashtirilganda tarifga taqdim etilgan chegirma aviachiptani qaytarish, qayta bronlashtirish uchun undiriladigan yig‘imlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Qisman foydalanilgan aviachipta pulini chegirma tugagandan keyingi kunda qaytarmoqchi bo‘lgan yo‘lovchi chegirma amal qilgan kunda sotib olgan miqdorda qaytarib oladi.

To‘liq foydalanilmagan yoki qisman foydalanilgan aviachiptalarni qayta rasmiylashtirganda, agar jo‘nash sanalaridan biri chegirma tugagan vaqtdan keyinga to‘g‘ri kelmasa, to‘liq tarif darajasiga chegirmalar qo‘llanilmaydi.