Sirdaryo tumani hokimi Botirjon Mirzaqulov maktablar negizida prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan «Hayot maktabi» loyihasi haqida gapirib, ayrim tashabbuslarni ilgari surdi. Bu bo‘yicha «Sirdaryo sadosi» Telegram kanalida video e’lon qilindi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘quvchi qizlarni haftada bir kun hayotga o‘rgatish kuni bo‘ladi.

«Bir kun 5 soat non pishirish o‘rgatiladi, qanday qilib un, qanday qilib suv qo‘shiladi, qancha sut qo‘shiladi, qanday qilib tandirga yopiladi. Oxirida shu sinfda o‘qigan 10 ta qiz, o‘zlari pishirgan nonlardan bitta-bitta uyiga olib ketadi. Bir kun osh pishirish o‘rgatiladi, bir kun qatlama, bir kun manti pishirishadi. Pazandachilik o‘rgatiladi», — deydi hokim.

Botirjon Mirzaqulov, shuningdek, ayrim xotin-qizlar tandirda non yopmayotgani haqida aytib o‘tdi.

«O‘sha joyda men to‘rtta ayoldan so‘radim, oxirgi marta qachon non yopdingiz desam, to‘rtta ayol ham 5−10 yil avval non yopgan ekan. „Uje“ non yopmaydigan bo‘lib ketibdi. „Uje“ non pishirishni o‘rgatadigan avlod yo‘qolib boryapti. Dalada hamma g‘o‘zapoya qolib ketdi bu yil, hamma non sotib olishga o‘tdi».

Hokim «Hayot maktabi» loyihasi nega muhim ekanini tushuntirdi. Ta’kidlanishicha, bu loyiha doirasida yoshlar kasb-hunarga o‘rgatiladi.

«Men buni bitta non pishirish misolida aytyapman. Bu yil qishda nimadan qiynaldik? Oldin bitta «otopleniya»ning tagida ozgina gaz yonsa, butun maktab isirdi. Fizika qonunlari asosida ishlardi. Mutaxassislar sistemani shunday qilardi. Hozir gurillab ko‘mir yonadimi, gaz yonadimi — «otopleniya» isimaydi. «Svet» o‘chib qolsa, «kotyol» portlab ketadi… Mutaxassis yo‘q — na montyor bor, na «slesar» [chilangar] bor, «svarik» [payvandchi] bor, na non pishiradigan qolyapti, na tikuvchi qolyapti. Hamma fizik, hamma kompyuterchi, hamma chet tilchi, hamma tayyor zavod-fabrikaga ishga kiryapti-da, mutaxassisni yo‘qotib qo‘yyapmiz. Ertaga borib, keyingi avlod hech narsaga yaramay qoladi. Shuning uchun «Hayot maktablari» tashkil qilindi… Fizika, kimyo, biologiyani 10-sinfni tugatib ham, o‘rganmasligi mumkin. Bolalarga tushuntiringlar, shu yilda shunaqa bo‘ladi deb. Bu — ertangi kunimiz uchun qilinayotgan ishlar. Agar shular qilinsa, hammaning qo‘lida hunar bo‘lsa, muhtoj bo‘lmaydi», — deydi u.