28 fevral kuni tunda Gretsiyada yo‘lovchi va yuk poyezdining to‘qnashuvi oqibatida kamida 32 kishi halok bo‘ldi, 85 kishi jarohatlandi, deb xabar bermoqda BBC.

Yo‘lovchi poyezdi Afinadan Saloniki tomon yurgan, unga qarshi Salonikidan Larissa tomonga yuk poyezdi harakatlangan. Poyezdlar nima uchun bir yo‘lda bo‘lgani noma’lum, deyiladi nashr xabarida.

350 kishi bo‘lgan yo‘lovchi poyezdining vagonlari relsdan chiqib ketgan, ulardan biri yongan.

«To‘qnashuv juda kuchli bo‘ldi», — dedi jurnalistlarga Tesaliya viloyati gubernatori Konstantinos Agorastos. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lovchi poyezdining dastlabki to‘rt vagoni relsdan chiqib ketgan, boshqa vagonlarga ham jiddiy shikast yetgan.