«Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati 28 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, avtobus haydovchilari o‘zaro yo‘lovchi talashib mushtlashayotgani aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Holat «1-Avtobus saroyi» filiali tasarrufidagi Mercedes Benz LF rusumli 28-sonli avtobus yo‘nalishi haydovchisi N.B. hamda «Avtosantrans-servis» MCHJga qarashli Isuzu rusumli 155-sonli avtobus yo‘nalishi haydovchisi M.M. tomonidan sodir etilgani aniqlandi.

Hozirda jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, o‘zaro janjallashib, jamoat tartibini buzgani uchun haydovchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Kompaniya hujjatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim etilishini ma’lum qildi.

Holatga munosabat bildirgan bloger, adliya vaziri maslahatchi Shahnoza Soatova ushbu ikki yo‘nalish bir nuqtada kesishishini va ma’lum bir masofagacha bir yo‘nalishda yurishini hamda haydovchilar tez-tez mushtlashib, yo‘lovchilar hayotini xavf ostiga qo‘yib turishlarini yozib qoldirdi.

«Hurmatli transport mas’ullari, bu shopirlaringiz — potensial zo‘ravon va qotil. Ular shu ahvolida ko‘pchilik o‘tirgan ulovni haydaydi. Yana nechta shunaqa zo‘ravonlaringiz rulda yuribdi? Sizlarda ichki tartib-qoidalar, xavfsizlik, odob-axloq, oddiygina professionalizm talablari bormi? Bolalarimiz, ota-onalarimiz qatnashadi shu ulovlarda. Nimaga bunaqa mushtumzo‘rlarga rul berib qo‘ygansiz?» — deydi Shahnoza Soatova.