AQSh davlat kotibi Entoni Blinken chorshanba kuni Toshkentda O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha o‘tkazgan matbuot anjumanida xorij propagandasiga qarshi samarali kurashish uchun erkin ommaviy axborot vositalari bo‘lishi muhimligini ta’kidladi.

Bloger Nikita Makarenkoning Qo‘shma Shtatlar Rossiya propagandasiga qarshi kurashda qanday yordam berishi mumkinligi haqidagi savoliga AQSh Davlat departamenti rahbari shunday javob berdi: «Kuchli, faol va barcha resurslarga ega mahalliy ommaviy axborot vositalarining mavjudligi biz bugun, shu jumladan, prezident [O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev] bilan muhokama qilgan masalalardan biridir. Xususan, Rossiyadan yoki boshqa manbalardan kelayotgan dezinformatsiyaga qarshi kurashish uchun».

Entoni Blinkenning eslatishicha, Qo‘shma Shtatlar boshqa hukumatlar bilan munosabatda bo‘lganida, OAVning «o‘sishi va rivojlanishi» hamda «jamoatchilikka ovoz va qarashlar xilma-xilligini yetkazishi» mumkin bo‘lgan «to‘g‘ri muhit»ni yaratish uchun ularni har doim zarur bo‘lgan hamma narsani qilishga undaydi».

«Ushbu ma’lumotlarga asoslanib, odamlarga nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri, qaysi biri yaxshi va qaysi biri yomon siyosat, qaysi yo‘nalish to‘g‘ri va qaysi biri noto‘g‘ri ekanligini o‘zlari hal qilish imkoniyati berilishi kerak», — deya ta’kidladi Entoni Blinken.

«Albatta, Rossiya bu yerda va dunyoning boshqa qismlarida sezilayotgan juda kuchli va mustahkam propaganda va dezinformatsiya tizimini yaratgan. Va bunga eng yaxshi javob, albatta, haqiqatdan ham erkin, mustaqil, ochiq OAV uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish, bu haqiqatlarni odamlarga yetkazish va ularga o‘z qarorlarini qabul qilish imkonini beradi», — dedi AQSh davlat kotibi.