O‘zbekiston va Pokiston hukumatlari o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar tasdiqlandi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Tomonlar 24 fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 8-yig‘ilishida ushbu shartlarni kelishib oldilar.

Yig‘ilishda so‘nggi 5 yil ichida O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni 6 barobarga — 207 taga ko‘paygani ta’kidlandi.

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Pokiston moliya vaziri Ishoq Dor farmatsevtika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish hamkorlikni kengaytirishning eng istiqbolli yo‘nalishlari ekanligini ta’kidladi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni qo‘llab-quvvatlash va hal etish uchun kichik guruhlar tuziladi.

2022 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 32 foizga oshib, 239,5 mln dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichni 1 mlrd dollarga yetkazish uchun o‘zaro asosda O‘zbekiston-Pokiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalarini o‘tkazish va savdogarlarni qo‘llab-quvvatlash vositalarini joriy etish rejalashtirilgan, deb xabar berdi ISSV matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Bundan tashqari, eksportga yo‘naltirilgan tovarlar ro‘yxatini ishlab chiqish, o‘zaro savdodagi cheklovlarni bartaraf etish, ikki davlat o‘rtasida elektron tijoratni rivojlantirish, O‘zbekiston tovarlarini Pokistonning elektron savdo maydonchalarida va aksincha joylashtirish, potensial xorijiy hamkorlarni izlashga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish bo‘yicha qo‘shma ulgurji va tarqatish markazlarini tashkil etish, avtomobil va tranzit tashish tartiblarini uyg‘unlashtirish, soddalashtirilgan turistik vizani joriy etish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va boshqalar rejalashtirilgan.

Tomonlar, shuningdek, Afg‘oniston orqali Markaziy va Janubiy Osiyoni Pokiston portlariga chiqish bilan bog‘laydigan Transafg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasini jadallashtirishga kelishib oldilar.

Boshqa kelishilgan chora-tadbirlar qatorida multimodal yuk tashish hajmini oshirish, mahsulotlarni uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda eksport qilish uchun har ikki davlat hududlarida terminallar yaratish ham kiradi.

Shuningdek, banklararo aloqalarni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Pokiston markaziy banklari o‘rtasida SWAP-operatsiyalari mexanizmlarini joriy etishni, ikki mamlakat moliya institutlari o‘rtasida vakillik bank munosabatlarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.