26 fevral kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Ohangaron shahri prokuraturasi tergovchisi va qorovuli pora olganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Shahar prokuraturasi qorovuli shu yerda ishlovchi tergovchining ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi doirasida tergovga jalb qilingan fuqaroga ishni yengillashtirib, ijobiy hal qilib berishini bildirgan. Buning evaziga 9 ming dollarni olgan vaqtida ushlangani aytilmoqda.

27 fevral kuni shahar prokuraturasi tergovchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish), qo‘riqlash xizmati qorovuliga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchi shaxslar protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.