28 fevral kuni O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida ta’lim sohasidagi uchta loyiha bo‘yicha 140,2 ming dollarlik grant shartnomalarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi.

Hujjatlar Yaponiya hukumatining «Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kichik ijtimoiy loyihalarga ko‘mak berish grantlari» dasturi doirasida imzolandi.

Marosimda maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, uning birinchi o‘rinbosari Agrippina Shin hamda Yaponiya elchisi Takashi Xatori ishtirok etdi.

Grant shartnomalariga ko‘ra, Xorazm viloyati Urganch shahridagi 31-maktabda gigiyena va sanitariya holatini yaxshilash loyihasiga 91 ming dollar, Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 28-sonli va 19-sonli maktabgacha ta’lim muassasalarini o‘quv jihozlari bilan ta’minlash loyihalariga mos ravishda 24,9 va 24,2 ming dollar ajratiladi.

«Grant shartnomalari [Yaponiyaning] O‘zbekiston xalqi farovonligini oshirishga qaratilgan hamkorlik turlaridan biridir. 1995 yildan buyon sog‘liqni saqlash, ta’lim va qishloq xo‘jaligi sohalarida 415 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. Umumiy summa taxminan 27,9 mln AQSh dollarini tashkil etadi», — dedi elchi Takashi Xitori.

Yaponiya mamlakat rivojini qo‘llab-quvvatlovchi va ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonda ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan «Insonlarga sarmoya»ga katta ahamiyat beradi, deya qo‘shimcha qildi u.

«Bugun imzolangan 3 ta loyiha sifatidagi hamkorlik yapon xalqining Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston bilan do‘stona munosabatlarini mustahkamlashdagi do‘stlik va qat’iy irodasidan dalolatdir. Umid qilamanki, O‘zbekiston Yaponiyaning ko‘magidan kelajagini o‘z zimmasiga oladigan bolalar kamolotida samarali foydalaniladi», — dedi Yaponiya elchisi.