Nukus voqealariga oid jinoiy ish bo‘yicha 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Dauletmurat Tajimuratovning ukasi Rinat Tajimuratov sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berdi. Bu haqda u «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

31 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston sudi sudyalar hay’ati sudyasi Yelubay Abibullayev raisligidagi birinchi instansiya sudi «El xыzmetinde» gazetasi byurosi advokati, sobiq muharrir Dauletmurat Tajimuratovni aybdor deb topdi. U hokimiyatni egallab olish yoki konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish uchun fitna uyushtirishda, o‘ta yirik miqdorda o‘zlashtirishda, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qonuniylashtirishda, shaxsga nisbatan zo‘ravonlik, talon-toroj qilish, o‘t qo‘yish, zarar yetkazish yoki mulkni yo‘q qilish, hokimiyat vakiliga qurol yoki qurol sifatida qo‘llanadigan boshqa narsalarni qo‘llash yoki ishlatish tahdidi bilan qarshilik ko‘rsatish, shuningdek, ommaviy tartibsizlik va boshqa jinoyatlarda faol ishtirok etishda ayblangan.

Prokuror unga 18 yil qamoq jazosini so‘ragan. Sudya Tajimuratovni 16 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Rinat Tajimuratov akasining advokati sifatida O‘zbekiston Oliy sudiga birinchi instansiya sudining qarori ustidan shikoyat qildi.

Advokat akasining ishida 159-moddaning 4-qismi (O‘zbekiston Respublikasining hokimiyatini egallab olish yoki konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish maqsadida til biriktirish) bo‘yicha jinoyat alomatlari yo‘qligini, chunki Tajimuratovning harakatlari konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga qaratilmaganini aytdi.

«Qolaversa, Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi boshqa sudlanuvchilar: Azamat Turdanov, Axmet Smetullayev va Dauletmurat Djiyemuratovlardan bekor qilinsa, savol tug‘iladi, kim bilan jinoiy til biriktirgan? Bir o‘zi hukumatni to‘ntarishga kuchi yetmaydi-ku va bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi», — dedi u.

Rinat Tajimuratov akasining ishida 167-moddaning 3-qismi «a» bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish) bo‘yicha ham jinoyat alomatlari yo‘qligini aytdi. «Dastlabki tergov jarayonida ham bu holat o‘z tasdig‘ini topgan emas. Sarf qilingan pul mablag‘lari yuzasidan tegishli shartnomalar mavjud, shartnoma shartlari bajarilgan. Harakati o‘zga mulkni juda ko‘p mikdorda talon-toroj qilish yo‘li bilan o‘zlashtirishga yoki rastrata qilishga qaratilgan emas va bunday turdagi jinoyatni sodir qilmagan», — dedi u.

Advokat, shuningdek, sudlanuvchining 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bo‘yicha aybini rad etdi, chunki bu fakt tergov va sud jarayonida o‘z tasdig‘ini topmagan.

Rinat Tajimuratov mahkumning 244-moddaning 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etmaganini, ya’ni tartibsizliklar uyushtirmagani va shaxsga nisbatan zo‘ravonlik, talon-toroj, o‘t qo‘yish, qurol yoki qurol sifatida ishlatiladigan boshqa narsalardan foydalanish yoki shu bilan tahdid qilish orqali mulkka zarar yetkazmagan yoki yo‘q qilmaganini ta’kidladi.

«Bu holatlar sud jarayonida o‘z tasdig‘ini topmadi. Ommaviy tartibsizliklarda ishtirok deb, aybdor shaxslarni shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatish, o‘t qo‘yish, mulkka shikast yetkazish yoki nobud qilish, hokimiyat vakiliga qurol yoki qurol sifatida ishlatiladigan boshqa buyumlarni ishlatib qarshilik ko‘rsatishda bevosita ishtirok etish tushunilishi qonunlarda ko‘rsatib o‘tilgan. Dauletmurat Tajimuratov 1 iyul kuni ko‘chalarga chiqishga hech kimni da’vat qilmagan, maqsadi 5 iyul kuni Konstitutsiyaning 70−75-moddalariga kiritilayotgan qonun loyihasiga tinch yo‘l bilan norozilik miting o‘tkazish bo‘lgan», — dedi huquqshunos.

Advokat 244−1-moddaning birgina «a», «b» va «g» bandlari (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish; oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan sodir etish, xizmat mavqeidan foydalanib sodir etish) kvalifikatsiyasiga roziligini aytgan. Sabab — bunda har qanday shaxsga nisbatan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan bandlar mavjud, — deya qayd etdi u.

Rinat Tajimuratov, shuningdek, sud Dauletmurat Tajimuratovning oilaviy ahvoli va 3 nafar farzandi borligi, aholiga ko‘rsatgan yordamini (chekka qishloqlarni gazlashtirish, kam ta’minlanganlarga bepul advokatlik xizmatlar ko‘rsatish, bolalar uyiga homiylik qilish, davlat organlariga yordam berish) hisobga olib, Oliy apellyatsiya sudidan akasini faqat 244−1-moddaning «a», «b» va «g» bandlari bo‘yicha aybdor deb topishni, tayinlangan 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini qamok bilan bog‘liq bo‘lmagan yengilroq jazo turiga almashtirishni so‘radi.

Advokat, shuningdek, mahkumlarga belgilangan 6,55 mlrd so‘m moddiy zararni to‘lashdan ozod qilishni so‘radi.