Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan bir qator tijorat banklari ogohlantirildi, deya xabar qildi Markaziy bank matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, qo‘mita tomonidan 2023 yil yanvar oyi davomida 9 ta yig‘ilish o‘tkazilgan bo‘lib, ularda ruxsat berish tartiboti bilan bog‘liq va kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga doir jami 26 ta masala ko‘rib chiqilgan

Moliyaviy holatni ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishlarda kredit tashkilotlarida prudensial me’yorlar talablarining bajarilishi yuzasidan masofaviy va joyida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari, xususan, banklar va mikromoliya tashkilotlari faoliyatida mavjud xatarlar bo‘yicha o‘tkazilgan tematik o‘rganishlar natijalari hamda to‘lov tashkiloti faoliyati muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, qo‘mita tomonidan 2023 yilning yanvar oyi davomida aniqlangan qoidabuzarlik holatlari bo‘yicha banklar, nobank mikromoliya tashilotlari va to‘lov tashkilotlariga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rildi.

Xususan:

  • tematik o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan, ya’ni moliyaviy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralar yaratilmagani, kredit tavakkalchiliklarini kamaytirish bo‘yicha yetarli tahlillar olib borilmagani, muammoga aylanishi mumkin bo‘lgan kreditlarni erta aniqlash, vujudga kelishishi mumkin bo‘lgan kredit tavakkalchiliklarini kamaytirish bo‘yicha yetarli tahlillar olib borilmagani, kreditlar monitoringi, axborot tizimi va kredit qarzdorliklarini undirish ishlari talab darajasida tashkil etilmagani sababli O‘zmilliybank, Mikrokreditbank, Aloqabank, Turonbank, Qishloqqurilishbank va Asakabank ogohlantirildi;
  • iqtisodiy sanksiyalar va eksportga taqiqlar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishga doir yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan banklar (Kapitalbank, Anorbank, Ravnaq-bank) ogohlantirildi;
  • «Cash U mikromoliya tashkiloti» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunining 4 va 6-moddalariga amal qilinmagan holda iste’molchiga xizmatlar haqida o‘z vaqtida to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berilmagani va iste’molchilarning xizmat haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish huquqi buzilgani sababli 30 mln so‘m jarima qo‘llanildi.

Shuningdek, qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘z faoliyatini boshlamagani uchun «E-services House» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi.