O‘zbekiston Professional futbol ligasi 2022 yilda boshlagan an’anasini bu yil ham davom ettirdi — tashkilot 25 fevral kuni yil yakunlari bo‘yicha qancha daromad topgani va qanday xarajatlar qilgani haqida jamoatchilikka hisobot berdi. Hisobot YouTube orqali jonli efirda ham ko‘rsatildi. “Gazeta.uz” hisobotning e’tiborga molik nuqtalarini jamladi.

Daromadlar

O‘zbekiston Professional futbol ligasi 2022 yilda amalda salkam 19 mlrd (18 712 135 000) so‘m ishlab topgan — bu bir yil avvalgiga qaraganda taxminan 3 mlrd so‘mga ko‘p. Ushbu mablag‘ning salkam yarmi Superliga (4,15 mlrd), Proliga (745 mln) va Birinchi Liga (700 mln) jamolari to‘lagan badal pullari, legionerlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar (3,03 mlrd so‘m) hamda tartib-intizom jarimalaridan (620 mln so‘m) shakllangan.

diyor imomxo‘jayev, o‘zbek futboli, o‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, o‘zpfl, pfl

Liga, shuningdek, onlayn-translyatsiyalardan 33,3 ming yevro ishlab topgan. O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayevning ma’lum qilishicha, jamoalarning badal va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha 1,065 mlrd so‘mlik debitor qarzdorligi bor. Ular ham to‘lanadigan bo‘lsa, daromad miqdori yanada oshadi.

diyor imomxo‘jayev, o‘zbek futboli, o‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, o‘zpfl, pfl

Tushumlarning qolgan, salkam 9,5 mlrd so‘m (9 mlrd 467 mln 135 ming 600 so‘m)lik qismini O‘zPFL homiylik shartnomalari orqali (avvalo, Coca-Cola, Apex Insurance, Turon Eco Cement bilan imzolangan kelishuvlar) asosida ishlab topgan. Diyor Imomxo‘jayev u rahbarlik qilayotgan tashkilot bugungi kunda daromadlarining qariyb yarmini o‘zi ishlab topayotganiga urg‘u berarkan, “biz faqat futbol klublaridan olinadigan badal pullariga qarab qolmaslik uchun o‘zimiz daromad topish darajasiga yetib kelganmiz”, dedi.

diyor imomxo‘jayev, o‘zbek futboli, o‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, o‘zpfl, pfl

Diyor Imomxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, agar klublarnin O‘zPFLning oldidagi debitor qarzdorligi yopilsa va kechikayotgan jarima to‘lovlari kelib tushsa (taqdimotda ular 1 martgacha to‘liq yopilishi ta’kidlandi), tashkilot 2022 yilda mavsumni foyda bilan yopolmagan bo‘lsa-da, har holda “minusga kirmagani” bilan maqtana oladi. Shu o‘rinda, qayd etilishicha, O‘zPFL davlat budjetidan “bir tiyin ham olmaydi”.

Xarajatlar

Xarajatlarning salkam 40 foizi (8,42 mlrd so‘mi)ni O‘zPFL tomonidan o‘tkazilayotgan musobaqalarga jalb qilingan hakamlarning ish haqlari tashkil qilgan. O‘zPFL xarajatlari va soliqlar uchun 5,35 mlrd so‘m sarflangan bo‘lsa, musobaqalarni o‘tkazish xarajatlari 2,27 mlrd so‘mni tashkil etgan.

diyor imomxo‘jayev, o‘zbek futboli, o‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, o‘zpfl, pfl

Shuningdek, sovrinlarni tayyorlash va taqdirlash marosimlarini tashkillashtirish uchun 944,2 mln so‘m, homiylarning talablari bilan ishlash uchun 883,4 mln so‘m, liga musobaqalarida qatnashayotgan futbolchilarni sug‘urtalash uchun 550 mln so‘m, translyatsiyalarni tashkil etish uchun 550 mln so‘m sarflangan.

diyor imomxo‘jayev, o‘zbek futboli, o‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, o‘zpfl, pfl

Diyor Imomxo‘jayev futbol to‘plari masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ma’lum qilinishicha, 2022 yilgi mavsumda liga musobaqalarida ishlatiladigan to‘plar uchun 1,026 mlrd so‘m sarflangan. Bir yil avval to‘plar uchun 1,48 mlrd so‘m sarflangani aytilgan, bu ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

O‘zPFL rahbari to‘plar uchun nega bu qadar ko‘p pul sarflanishi borasida o‘tgan yili bergan izohini yana takrorlab, O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchilarning to‘plari hali ham FIFA Quality talabiga javob bermasligi bois ulardan professional futbolchilar ishtirokidagi musobaqalarda foydalanib bo‘lmasligini ta’kidladi.

“Biz ikki yil davomida Adidas bilan ishladik. Hamkorlarimiz Adidas’ni Rossiya orqali olib kirardi. Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar sabab, [to‘plar] qimmatlashib ketib, [narxi] o‘tgan yili fantastik darajaga chiqib ketdi. Shuning uchun biz Adidas to‘plari bilan ishlashni to‘xtatdik. Bu yildan Molten bilan ishlashga o‘tdik. Pul tomondan yutdik. Umid qilamizki, bu [to‘plar] futbolchilarga ham yoqadi”, — dedi u.

PFL nimalardan voz kechmoqchi?

O‘zPFL 2022 yilda dunyoning eng yetakchi futbol ligalari, xususan, Angliya Premer-ligasi, Ispaniya La Ligasi, Germaniya Bundesligasi va boshqalarni birlashtirgan Jahon professional futbol ligalari assotsiatsiyasi (WLF)ga a’zo bo‘ldi. Diyor Imomxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zPFL WLF a’zolari orasida eng ko‘p musobaqa o‘tkazuvchi tashkilotdir.

Tashkilot 2022 yilda Superliga, Proliga, Birinchi Liga, Ayollar chempionati, futzal chempionati, turli yosh toifasidagi yigit va qizlar o‘rtasidagi chempionatlar, kubok musobaqalarini — 20 ga yaqin turnir o‘tkazgan. Ayollar o‘rtasidagi liga va kubok musobaqalariga 1 mlrd, futzal turnirlarini o‘tkazishga esa 1,3 mlrd so‘m sarflangan.

diyor imomxo‘jayev, o‘zbek futboli, o‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, o‘zpfl, pfl

“Angliya Premer-ligasi faqat Premer-liga va U-23 chempionatini o‘tkazadi — hatto Chempionshipni ham boshqa tashkilot o‘tkazadi. Juda ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda, deyarli hammasida ayollar futboli uchun futbol assotsiatsiyasi javobgar, Liga emas. Biz futzal musobaqalarini nima asosda o‘tkazayotganimizni o‘zimiz ham bilmaymiz, […] aslida biz o‘tkazishimiz kerak emas”, — dedi Diyor Imomxo‘jayev.

O‘zPFL rahbarining qayd etishicha, dunyoda har bir liga assotsiatsiya o‘rtasida kelishuv bor, ular o‘rtasida shartnoma imzolanadi, ammo O‘zbekistonda Liga va futbol assotsiatsiyasi o‘rtasida bunday kelishuv yo‘q.

“Futzal chempionatini shunchaki o‘tkazyapmiz. O‘tkazmaymiz, deyishga haqqimiz bor aslida. […] O‘FA ham buni tushuna boshladi. 2023 yildan ayollar futboliga to‘la assotsiatsiya javobgar bo‘ladi, biz o‘tkazmaymiz. […] Futzal chempionatini may oxirigacha o‘tkazamiz, lekin keyin assotsiatsiya bilan muzokaralar stoliga o‘tirishimiz kerak”, — dedi u.

diyor imomxo‘jayev, o‘zbek futboli, o‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, o‘zpfl, pfl

Diyor Imomxo‘jayev O‘zPFL bolalar futboliga ham pul beradigan bo‘lsa, ayollar futbolini ham, futzal musobaqalarini ham o‘tkazadigan bo‘lsa, u holda shu ishlar bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan nima qilyapti, degan savolni qo‘yish vaqti kelganini ta’kidladi.

Bu yildan bolalar futbolini rivojlantirishga mablag‘ ajratishni to‘xtatamiz. Buni O‘FA bilan kelishib oldik. Bolalar futbol, ommaviy futbol, terma jamoalar uchun javobgar tashkilot PFL emas, balki O‘FA. Biz professional futbol klublari bilan ishlaydigan tashkilotmiz”, — dedi O‘zPFL bosh direktori.