12 mart kuni poytaxtda Navro‘zni umumxalq miqyosda nishonlashga bag‘ishlangan “International Tashkent Marathon” beshinchi marafoni va O‘zbekistonning 14 ta shahrida Yangi Nafas bir vaqtda ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga Yoshlar siyosati va sport vazirligi xabar berdi.

Havaskorlar va professional sportchilar 42 km, 21 km, 10 km va 3 km masofada o‘zlarini sinab ko‘rishlari mumkin. Bu yilgi marafon o‘zida 5500 nafar sportchini jamlashi kutilmoqda. Ma’lumot o‘rnida, 2019 yilda ushbu marafonda 1600 nafar, 2022 yilda esa 2700 nafar sportchi ishtirok etgandi.

Ilk marotaba marafon doirasida bolalar orasida “Kids Run” ommaviy yugurish musobaqasi tashkillashtiriladi, u 11 mart kuni o‘tkaziladi. Unda ikkita toifadagi — 2015 yil va 2011 yilgacha tug‘ilgan bolalar ishtirok etishi mumkin. Ushbu ommaviy yugurish poygasiga ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bepul. “Kids Run” ommaviy yugurish poygasi skandinavcha yurish havaskorlari bilan birgalikda o‘tkaziladi. Bolalar masofasi 1 km, yuruvchilarning masofasi esa 3 kmni tashkil qiladi.

Erkaklar va ayollar o‘rtasida 10 km masofaga ommaviy yugurish musobaqasi, marafon va yarim marafonning g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Umumiy pul mukofoti 259 mln 720 ming so‘mni tashkil etadi.

42 km masofa mukofotlari:

  • 1-o‘ringa — 30 mln so‘mn;
  • 2-o‘ringa — 20 mln so‘m;
  • 3-o‘ringa — 15 mln so‘m;
  • 4-o‘ringa — 10 mln so‘m;
  • 5-o‘ringa — 8 mln so‘m;
  • 6-o‘ringa — 5 mln so‘m.

21 km masofa mukofotlari:

  • 1-o‘ringa — 20 mln so‘mn;
  • 2-o‘ringa — 15 mln so‘m;
  • 3-o‘ringa — 12 mln so‘m;
  • 4-o‘ringa — 8 mln so‘m;
  • 5-o‘ringa — 6 mln so‘m;
  • 6-o‘ringa — 4 mln so‘m.

10 km masofa mukofotlari:

  • 1-o‘ringa — 6 mln so‘mn;
  • 2-o‘ringa — 4 mln so‘m;
  • 3-o‘ringa — 2 mln so‘m;

3 km masofaga yugurish ishtirokchilariga esa qimmatbaho sovg‘alar taqdim etiladi.

Sport musobaqasinining yuqori darajada o‘tkazilishi AIMS Xalqaro marafonlar va yugurishlar assotsiatsiyasidan marafonning yugurish trassasi bilan sertifikatlangan. Musobaqalarda vaqt natijalarini chiplar bo‘yicha avtomatik o‘qish zamonaviy transponder tizimi qo‘llaniladi. Marafonning start-finish maydonchasi an’anaga ko‘ra Afrosiyob va Beshyog‘och ko‘chalarining kesishish nuqtasida (mo‘ljal — “Humo Arena” muz saroyi) joylashgan.

Toshkent xalqaro marafonida ishtirok etish uchun iticket.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish va boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirish kerak. 10 km masofaga ommaviy yugurish musobaqasi, marafon va yarim marafonda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi — 149 ming so‘m, 3 kmga — 75 ming so‘mni tashkil qiladi. Ishtirokchilar 5 martga qadar ro‘yxatga olinadi.

Marafon, yarim marafon, 10 km, 3 km masofaga yugurish va “Kids Run” ommaviy yugurish musobaqasining ishtirokchi paketiga chipli ko‘krak raqami (sport dasturining turiga muvofiq), ryukzak, kepka va uzun yengli futbolka kiradi. Paketlar 9 martdan 11 martgacha Yengil atletika federatsiyasi (Toshkent, Islom Karimov ko‘chasi, 98A) binosida tarqatiladi.