27 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA saytida e’lon qilindi.

Unda O‘zbekistonda 2022−2026 yillarda aholining muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash darajasini 60 foizga yetkazish belgilangan. Bunga erishish uchun 2023 yilda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi muhtoj shaxslarni zamonaviy oyoq protez-ortopediya buyumlari bilan bepul ta’minlaydi. Qolaversa, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I guruh nogironlariga son protezi, boldir protezi va oyoq kamari ortoped apparatlari bepul beriladi.

1 sentabrdan boshlab texnik vositalar bilan ta’minlashda tibbiy xulosa talab qilinmaydi. Ushbu hujjat «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza» elektron axborot tizimiga kiritiladi va o‘zaro axborot almashinuvi orqali aniqlanadi. I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchilar davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanadi, mansabdor shaxslar qabuliga navbatsiz kiradi.

1 maydan shifoxonalarda davolanayotgan nogironligi bo‘lgan bolaga g‘amxo‘rlik qilayotgan shaxslarga:

  • bolaning yonida bo‘lish uchun sharoit yaratiladi;
  • mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi va bepul ovqat beriladi.

Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari bolani nogironligi bo‘lgan shaxs deb topganda ularga pensiya tayinlashda qaytadan tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish bekor qilinadi.

Bundan tashqari, qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 iyungacha nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchilarga berilgan imtiyozlarning yagona ro‘yxati shakllantiriladi. Mazkur ro‘yxat «Advice.uz» huquqiy portaliga joylashtiriladi.

2023/2024 o‘quv yilidan «Maxsus pedagogika, defektologiya» yo‘nalishida magistratura uchun to‘liq davlat granti beriladi.

  • 2023/2024 o‘quv yilida abituriyentlar uchun mo‘ljallangan qabul tartibiga oid ma’lumotlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatda bo‘ladi;
  • bunda videoroliklar surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etiladi.

O‘qiyotgan nogironligi bo‘lgan talabalarga ta’lim jarayonida ko‘maklashish uchun uning yaqinlaridan biriga OTMda yonida birga bo‘lish uchun sharoit yaratiladi.

Joriy yilda Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi va uning hududiy markazlari robotlashtirilgan lokomat majmuasi va boshqa zamonaviy reabilitatsiya uskunalari bilan ta’minlanadi.

Qarorga ko‘ra shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.