Ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli tumanida tez tibbiy yordam xizmati xodimi kaltaklanganligi aks etgan video tarqaldi. IIBB holatga aniqlik kiritib, voqea 27 fevral kuni tong payti tumanning Sergeli-4 dahasida bo‘lganini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, ayol «103» raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, tez-tibbiy yordam ko‘rsatish brigadasini chaqirgan. Tez-tibbiy yordam xizmati feldsheri xonadonga kirib, uni birlamchi ko‘rikdan o‘tkazgan. Bu paytda uning yonida bo‘lgan tanishi (erkak kishi) feldsherni ayolga yaxshi qaramayotganini aytgan va unga kuch ishlatish bilan tahdid qilgan.

Feldsher undan qochib ko‘chaga chiqqan vaqtida tez tibbiy yordam mashinasi haydovchisi uni himoya qilgan. Ayolning tanishi jamoat tartibini buzib, haydovchini urgan va tan jarohati yetkazgan. Haydovchi olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Sergeli tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.