To‘rtko‘l tumanida kanalga sig‘magan suvlar uylarni bosgani haqida xabarlar tarqalgandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati holatga aniqlik kiritdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda 24 fevral tungi soat 2:00 atrofida tumanning «Kalta minor» OFY 6-bo‘limida kanal suv bosimi ko‘payishi sabab yer o‘pirilish yuz bergani aytilgan. Voqea sabab 7−8 ta xonadon zarar ko‘rgani va hayvonlar jabrlangani, uy egalari turar joysiz qolgani bildirilgan.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, shu kunlarda respublika hududlarida sho‘r yuvish tadbirlari olib borilmoqda. Ammo ayrim joylarda suvdan me’yordan ortiq foydalanish holatlari uchrayapti.

24 fevral tonggi soat 3−4 atrofida To‘rtko‘l tumani hududidagi «Kaltaminar-1» xonadonlararo kanalining 192-piketidagi qirg‘og‘i (dambasi)dan suv chiqib ketishi oqibatida uy va uy atrofidagi inshootlarga ziyon yetgan.

suv босди, тўрткўл, қорақалпоғистон

Buni bartaraf etish maqsadida ishchi kuchlar, maxsus texnikalar mobilizatsiya qilinib, soat 7:00 da kanalning suv chiqayotgan o‘rni to‘liq yopilgan. Tuman irrigatsiya bo‘limi balansidagi «Kaltaminar-1» kanali loyiha bo‘yicha 18 metr kub/sekund suv o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘lib, o‘sha kuni kanalga 13 metr kub/sekund suv ochilgan. Bu kanalga me’yordan ortiq suv ochilmaganini anlatadi.

suv босди, тўрткўл, қорақалпоғистон

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kanal bo‘yini suv yuvib, yiqib ketishi oqibatida hududdagi 8 xonadonning uylari va 2,5 gektar ekin maydoniga ziyon yetgan va ayni vaqtda ziyon miqdoriga aniqlik kiritish ishlari olib borilmoqda.

Suv bosishiga kanal yoqasidagi kemiruvchilar uyasi orqali o‘pqon olib, chiqib ketgani sabab sifatida ko‘rilmoqda, bu — dastlabki taxmin. Kanalda o‘tgan yilning kuz faslidan buyon suv sathi hozirgidek ko‘tarilmagani, bu kemiruvchilarning uya qurishiga qulay sharoit yaratgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

suv босди, тўрткўл, қорақалпоғистон

Salbiy holatning yuzaga kelishida hududga biriktirilgan suvchilarning o‘z vazifasiga loqaydlik bilan qaragani yoki ayrim suv iste’molchilari (fermer, tomorqa yer egalari)ning suvni boshqarishda belgilangan me’yor va talablarga bo‘ysunmasdan, o‘zboshimchalik bilan harakat qilganiga aniqlik kiritilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda sel, ko‘chki va suv toshqinlari kabi favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha doimiy shtab tashkil etilgan.