Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Oshiq Erkin — Erkin Madrahimov 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda uyushma axborot xizmati xabar berdi.

Uyushma marhumning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildirib, janoza 25 fevral kuni 16:00 da Urganch shahri Al Xorazmiy ko‘chasi 251-uyda o‘qilishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Oshiq Erkin 1937 yil 7 mayda Xivada tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakul’tetini tugatgan.

1956 yildan ommaviy axborot vositalari tizimida ishlab keladi. 1959 yildan «O‘rta Osiyo universiteti» gazetasida mas’ul kotib, 1961 yilda «O‘zbekiston ovozi», 1962 yildan O‘zbekiston teleradiokompaniyasi muxbiri, 1971 yildan Bog‘ot tuman gazetasi muharriri, 1974 yildan «Qishloq haqiqati», «Selskaya pravda» gazetalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati bo‘yicha muxbiri lavozimlarida ishlagan.

1986−2010 yillar davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati bo‘limi mas’ul kotibi vazifasida xizmat qilgan.

Shoirning 30 ga yaqin badiiy va publitsistik kitobi nashr etilgan. Jumladan, «Iqbol», «Ohular», «Yilga tatigan bir tong», «Yolg‘onning umri qisqa», «Po‘lat va uning bobosi», «Tillaqush», «Mehring tushdi yurakka», «Azim daryo», «O‘lguncha sizni derman», «Ishqing tushdi yurakka», «Mujgoningga sallamno» kabi kitoblari mavjud.

Oshiq Erkin talabalik davrida 1957 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida mehnat namunalarini ko‘rsatgani uchun sobiq O‘zbekiston Oliy Soveti prezidiumining «Faxriy yorlig‘i» bilan mukofotlangan.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Uning ijodiy faoliyati mustaqillik yillarida yuqori baholanib, 1997 yilda «Shuhrat» medali, 2003 yilda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i kengashining qaroriga binoan Qoraqalpog‘iston respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, 2012 yilda esa O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlangan.