Berlin markazidagi Oraniyenshtrasse gastronomik ko‘chasida Taste of Samarkand (“Samarqand ta’mlari” — tahr.) o‘zbek milliy taomlari restorani ochilganiga bir oy bo‘ldi. Menyuda — shef-oshpaz Aktam Mahmaziatov va uning rafiqasi Zuhradan samarqandcha palov, manti va qatlama somsa. Ular asli o‘zbekistonlik Ukraina fuqarolari; Rossiyaning 2022-yil fevralidagi bosqinidan so‘ng Germaniyaga qochishgan.

“Bunday bo‘ladi deb hech kim kutmagandi”, — deydi Aktam Mahmaziatov.

taste of samarkand, берлiн, milliy taomlar, uкраinadaгi uрuш

U Samarqand viloyatining Juma shahridan, rafiqasi Zuhra esa Narpay tumanidan. Aktam Ukrainaga 20 yil avval, qarindoshinikiga mehmonga borib, qolib ketgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, er-xotin yana birga yashay boshlagan. Xarkov yaqinidagi Sirkuni qishlog‘ida uy qurishgan, ishlash uchun shaharga qatnashgan — Barabashovo bozorida ovqat sotiladigan chodirlari bo‘lgan. Mahmaziatov so‘nggi 10 yildan beri kommunal xizmatda prorab lavozimida ishlab kelayotgandi. Oilada to‘rt farzand bor. Katta o‘g‘li bosqin vaqtida 17 yoshga to‘lgandi, eng kichigi — to‘rt yoshda.

Ular yashaydigan qishloq Rossiya chegarasidan 25 km masofada joylashgandi. Aktamning aytishicha, o‘q ovozlari 24-fevral kuni erta tongda eshitila boshlagan, peshinda esa Rossiya tanklari qishloq ko‘chalarida yurgandi. Urush boshlanganidan keyingi uch kun davomida oila qo‘shnisining yerto‘lasida yashagan.

“Zax edi. Kichik o‘g‘lim yo‘tal bo‘lib qoldi. Tavakkal qilib, tashqariga chiqdim, mashinani o‘t oldirib, oilamni unga o‘tkazib, shahar tomon chiqib ketdim. Sirkuni bilan Xarkov orasida ikkita — biri rossiyaliklarga, ikkinchisi ukrainaliklarga tegishli post paydo bo‘lgandi. Ular tinmay bir-biriga qarata o‘t ochardi. Rossiya postidan o‘tayotganimda ularning “komandiri”dan o‘tkazib yuborishni va hech bo‘lmasa yarim soat otmay turishni iltimos qildim. U o‘tib ketishga ruxsat berdi. Ukraina posti ham bizni qabul qildi. Men qanchalik katta tavakkalchilikka borganimni keyinroq anglab yetdim. O‘sha yerdan tirik chiqqanimiz — g‘irt omadimiz kelganidan”, — deya xotirlaydi Aktam Mahmaziatov.

Aktam Mahmaziatov.Aktam Mahmaziatov.

Oila Xarkovdan Lvovga yo‘l olgan, u yerda ajralishga to‘g‘ri kelgan. Zuhra bolalar bilan birga evakuatsiya poyezdida Polshaga ketgan, Aktam esa Polsha-Ukraina chegarasigacha mashinada besh kun yo‘l bosishga majbur bo‘lgan. Ular Polshadagi qochoqlar lagerida qayta diydorlashgan.

“Biz lagerga yetib kelgan vaqtimiz O‘zbekiston elchixonasi o‘z fuqarolarini uyga olib ketayotgandi. Ular buni bepul amalga oshirishdi — bunisiga tan berish kerak. O‘zbekistonda na uyimiz, na boshqa narsamiz bor, hech vaqoimiz yo‘q. Rafiqam bilan o‘ylab ko‘rib, Gamburgga ketishga qaror qildik”, — deydi u.

Poyezdda ular Tomas ismli berlinlik bilan tanishib qolishgan, u yordam taklif qilgan. Aktam tez orada unga murojaat qilishga majbur bo‘lgan — uning oilasi 10 kuncha yashagan Gamburgdagi qochoqlar lagerida suvchechak aniqlangan.

“Men Tomasga qo‘ng‘iroq qilib, uy masalasida yordam so‘rashga qaror qildim. Ertasi kuni u bizni Berlin vokzalida kutib olib, ijaraga olingan uyga joylashtirdi, puldan, hujjatlar bo‘yicha yordam qildi — shunday yaxshi inson. U bilan tanishib qolib, do‘stlashib ketganimiz haqiqiy omadning o‘zginasi”, — deya xotirlaydi Mahmaziatov.

Tomas yangi tanishlariga ish topishda ko‘maklashishga harakat qilgan. Shu tariqa Aktam 10 yildan beri Germaniyada yashab kelayotgan qirg‘izistonlik Ernazar Risaliyev bilan tanishgan.

Ernazar Risaliyev i Aktam Mahmaziatov.Ernazar Risaliyev i Aktam Mahmaziatov.

“Aktam bilan tanishgunimga qadar men bir yildan beri gastronomiya sohasida ishlayotgandim va menda berlinliklarni Markaziy Osiyo oshxonasi, ayniqsa, uning bayroqdori bo‘lgan o‘zbek taomlari bilan tanishtirish g‘oyasi bor edi. Shu sababli ham Aktam bilan birinchi uchrashuvimdayoq undan: „Ovqat pishirishni bilasizmi?“, deb so‘radim. U hayron bo‘lib: „Albatta, axir men o‘zbekman-ku“, dedi”, — deya eslaydi Ernazar Risaliyev.

Ular qo‘l tashlashib, may oyida teng huquqli sheriklar sifatida ishni boshlab yuborgan. Mahalliy yakshanba bozorida chodir tashkil etishgan. Risaliyev boshqaruvchi, Mahmaziatov esa taomlarga mas’ul sifatida ishga kirishgan.

taste of samarkand, берлiн, milliy taomlar, uкраinadaгi uрuш

“U vaqtda biz bozorni bilmasdik. Bozorga kirib olish oson bo‘lgani yo‘q. Germaniyada savdo nuqtalariga qo‘yiladigan sanitariya talablari juda qat’iy: chodirda artiladigan pol, kichkina bo‘lsa-da muzlatgich, yana duxovka, qozon, manti-qasqon ham bo‘lishi kerak. Makon qanday bo‘lishidan qat’i nazar, har narsaning o‘z o‘rni bo‘lishi lozim. Oxir-oqibat mehnat sharoitlari ham spartaliklarnikidek: erta tongda hammasini yig‘asan, olib kelib joylashtirasan, ovqatni tayyorlaysan, besh soat sotasan, so‘ng yuvib, yig‘ib, uyga olib ketasan. Bir oy shunday qiynalganimizdan so‘ng, yo fudtrak qilamiz, yoki bu ishni yig‘ishtiramiz, degan qarorga keldim”, — deydi Ernazar Risaliyev.

taste of samarkand, берлiн, milliy taomlar, uкраinadaгi uрuш

Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, harakatlanuvchi fudtrakda savdo bilan shug‘ullanish uchun shahar ma’muriyatidan ruxsatnoma olish hamda bozor va yarmarka tashkilotchilari bilan shartnomalar imzolashga ikki oycha vaqt ketgan. Avgustda yon tomoniga do‘ppi tasviri va Street Food from Uzbekistan yozuvi tushirilgan ko‘k fudtrak Berlin maydonlarida ko‘zga tashlana boshladi: shanba kunlari Schillerplatz’da, yakshanbalarda esa KulturBrauerei (umumiy maydoni 25 ming kvadrat kvadrat metr bo‘lgan madaniy markaz)da.

Aktam va Zuhra taomlarni Germaniyadagi mahalliy masalliqlarga moslashgan holda, samarqandcha retseptlar asosida tayyorlaydi. Fudtrak, hozirda esa restoran menyusi xo‘randalarga palov, manti va (go‘shtli, qovoqli, ko‘katli va pishloqli) turli xil somsalarni taklif qiladi.

“Aynan o‘sha osh ta’mini chiqarish uchun jasmin, basmati kabi 10−15 xil guruch navini sinab ko‘rdik. Basmati dona-dona bo‘lib turishi bo‘yicha zo‘r, ammo zirvakning ta’m sifatlarini shimib ololmaydi. Oxiri tanlovimiz eng qimmat guruch turlaridan birida to‘xtadi, uni Germaniyaga import qilishga to‘g‘ri kelyapti, ammo u O‘zbekistondan olib kelinayotgani yo‘q. Yog‘ masalasida ham xuddi shu ahvol. O‘zimizga keraklisini topgunimizcha, zig‘ir yog‘idan tortib zaytun moyigacha, ishlatmaganimiz qolmadi”, — deydi Ernazar.

taste of samarkand, берлiн, milliy taomlar, uкраinadaгi uрuш

Ko‘k fudtrak berlinliklar va sayyohlarga ma’qul keldi. O‘zbekistonda bo‘lgan chet elliklar hech ikkilanmay oshga buyurtma beryapti. Risaliyevning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasidan kelgan xo‘randalar milliy taomlar qiroliga nisbatan talabchanroq: “osh mazali chiqibdiyu, lekin uydagidek emas”, deyishadi. Nemislarning o‘zi esa ko‘proq mantini ma’qul ko‘radi. Somsa esa mutlaq favorit, chunki uni o‘zing bilan olish va yo‘l-yo‘lakay yeb ketish oson.

Germaniyada o‘zbek milliy oshxonasini rivojlantirishning katta salohiyati borligini ko‘ryapman, chunki bu oshxona juda mazali. Agar kimdir shubhalansa: „Siz avval totib ko‘ring. Yoqmasa, pulingizni qaytarib beraman“, deyman. Hali biror marta pulni qaytarishga to‘g‘ri kelgani yo‘q”, — dedi Ernazar Risaliyev.

taste of samarkand, берлiн, milliy taomlar, uкраinadaгi uрuш

Fudtrakning muvaffaqiyati jamoani restoran ochishga ilhomlantirdi. Ishlar o‘ngidan kelib, kuzda Risaliyevning tanishlari avval o‘zlari ishlatgan inshootdan foydalanishni taklif qildi.

“Qachonlardir Berlinda ikikta o‘zbek restorani bor edi. Birining nomi „Toshkent“ edi. Oshxonasi aralash, narxlari esa yuqori edi — bir porsiya osh 18−20 yevro turardi. Men u vaqtlar talaba edim, 3,5 yevroga donar yeb yurardim va o‘sha restoranda oddiy taomlarning bunday narxlarni ko‘rib, „undan ko‘ra uyda o‘zim pishiraman“, degandim. Shu bois bizning restoranimizda narxlar xamyonbop va siyosatimiz ham boshqacha: bizning restoran dizayn emas, ta’m haqida”, — deydi Ernazar Risaliyev.

taste of samarkand, берлiн, milliy taomlar, uкраinadaгi uрuш

Taste of Samarkand restorani yanvar oyi o‘rtalaridan beri Oraniyenshtrasse ko‘chasida, mashhur SO36 konsert zali bilan yonma-yon faoliyat olib boryapti. Restoran uch xil hududga ajratilgan bo‘lib, biri katta, umumiy hudud, ikkinchisi uncha katta bo‘lmagan guruhlar alohida xonali hudud va uchinchisi xon-atlaslar bilan bezatilgan, yog‘och karavotli milliy hudud. Bu yerda haftasiga olti kun mehmonlarga xizmat ko‘rsatiladi.

“Chet elliklar bu yerga nafaqat ovqatlanish, balki maslahat so‘rab ham keladi. Ko‘pchilikning Samarqandga borgisi keladi, ammo bunday safar uchun nimalar kerakligi, u yerda nimalarni ko‘rish kerakligini bilmaydi. Biz ular so‘ragan narsalarni aytib beramiz, chunki bunday ma’lumot bilan bo‘lishish, o‘z madaniyating bilan tanishtirish yoqimli”, — deydi Risaliyev.

taste of samarkand, берлiн, milliy taomlar, uкраinadaгi uрuш

Jamoa ishni kengaytirishni, oshxonani ta’m sifatlari bo‘yicha an’anaviy, “xuddi O‘zbekistondagidek” darajaga olib chiqishni rejalashtirgan. Rejalar bir yillik. Ertaga nima bo‘lishini, nima kutishing mumkinligini ham bilmaydigan hozirgidek kunlar uchun ancha dadil reja. Mahmaziatov deyarli har kuni Sirkunida qolgan qo‘shnilari bilan qo‘ng‘iroqlashib turadi. Ular yashagan ko‘chadagi sakkiz uydan to‘rttasi vayron bo‘lgan. Aktam va Zuhraning uyi ham xaroba, lekin qayta tiklash mumkin.

“Ukrainaga qaytish umidi bor. Ayni vaqtda, O‘zbekistonga ham qaytgim kelyapti — yosh ham ancha o‘tib qoldi. O‘zimning ildizimga, qadrdon joylarimni sog‘inyapman”, — deya tan oladi Aktam.