23 fevral kuni Tojikistonda bir nechta zilzila sodir bo‘ldi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar davlat qo‘mitasi zilzilalar Sarez ko‘liga zarar yetkazmagani va suv toshqini xavfini keltirib chiqarmaganini ma’lum qildi.

Zilzilalar oqibatida ko‘l suv toshqiniga sabab bo‘lishi, bu Markaziy Osiyoning 4 ta davlati (Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston)ga ta’sir qilishi mumkinligi bir necha yildan beri taxmin qilib kelinadi. Xususan, 2015 yilda Sarez ko‘li hududida 7,3 magnitudali zilzila sodir bo‘lib, tosh qulashi qayd etilgan, ammo Usoy to‘g‘onida o‘zgarishlar kuzatilmagan.

Favqulodda vaziyatlar davlat qo‘mitasiga ko‘ra, zilzilalar epitsentri tog‘li hududlarda va Murg‘ob viloyati markazi hamda Sarez ko‘li oralig‘idagi odam yashamaydigan joylarda bo‘lgan.

Sarez ko‘lining monitoring va oldindan ogohlantirish tizimi normal holatda ishlamoqda. Ko‘lda o‘zgarishlar qayd etilmadi. Ko‘lga suv kelishi va uning sarfi o‘zgarishsiz qoldi, bugungi kunda suv oqimi sekundiga 39 kub metrni tashkil qilmoqda.

Ma’lumot uchun, 1911 yildagi kuchli zilzila Usoy blokirovkasi deb nomlangan tabiiy to‘g‘onni vujudga keltirgan. Yangi tog‘ Murg‘ob daryosi vodiysini to‘sib, chuqurlik hosil qilgan. Hudud vaqt o‘tishi bilan suvga to‘lgan. Sarez ko‘li chuqurligi 500 metrni, umumiy hajmi 17 kub kilometrni tashkil etadi.

Usoy to‘g‘onining vayron bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan zilzila va ko‘chkilar katta hajmdagi suvning sizib chiqishiga sabab bo‘ladi. Hisob-kitoblarga qaraganda, vodiylarda to‘lqin balandligi 15 metrga yetadi (bu 3 qavatli uy balandligiga teng). Bunday favqulodda vaziyat Tojikistondan tashqari O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, 23 fevralda bo‘lgan zilzilalar kuchi O‘zbekistonda ham 2 marta sezildi.