Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurib, Qarshi tumanidagi «Yangi Batosh» mahallasida bo‘ldi. U yerdagi yangi qurilgan maktabga kirib, o‘quvchilar bilan muloqotda bo‘ldi.

«Shunday sharoit yaratyapmizki, o‘quvchilar maktabdan chet tillari va hunar o‘rganib chiqadi. 11-sinf hayot yo‘li sinfi bo‘ladi. Agar har bir yosh shunday o‘qib, jamiyatda o‘z o‘rnini topsa, O‘zbekistonimizga mustahkam zamin bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, prezident mazkur maktabdagi qashqadaryolik o‘qituvchilar bilan suhbatlashib, hozirda Qashqadaryo maktablar soni bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinda turganini ta’kidladi.

Har bir islohotda, qaror qabul qilishda o‘qituvchilar ko‘z oldimda bo‘ladi. Sir emas, ilgari bolalar uch oylab paxtaga chiqarilardi. Birgina Qashqadaryoda 155 ming o‘quvchi o‘rni yetishmasdi. Buning uchun viloyatga 1 trillion mablag‘ ajratildi. 215 ta maktab qurildi. Bugun Qashqadaryo maktablar soni bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinda. O‘qituvchilarning oylik maoshlari ham oshirildi. Albatta, bularni yana davom ettiramiz. Lekin asosiysi — sifat bo‘lishi kerak. Bu, avvalo, o‘qituvchilarning bilimiga, dunyoqarashiga, fidoyiligiga bog‘liq", — dedi u.

Uchrashuvda pedagoglar o‘z faoliyati haqida so‘zlab, fikr va takliflarini bildirdi.

prezident

prezident

Bundan tashqari, prezident mahalladagi aholi hayoti bilan tanishdi.

Bu yerda 4 mingdan ziyod aholi yashaydi. Hudud obodonlashtirilib, tadbirkorlik rivojlanmoqda. To‘qimachilik korxonasi, dorixona, minibank, oziq-ovqat do‘konlari va xizmat ko‘rsatish ustaxonalari aholi xizmatida. Mahallada kasanachilik markazi tashkil etilmoqda. Prezident unda yaratilayotgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Davlat rahbari bu yerdagi hunarmandlarni xomashyo bilan ta’minlash, aholi zich mahallalardagi kollejlarning ma’lum xonalarini kasanachilarga ajratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

«O‘zi hunar o‘rganishning eng katta zamini — mahalla. Bu an’anadan foydalanib, kasanachilik asosida, ustoz-shogirdlik asosida yoshlarni hunarli qilish mumkin. Bu ularga, ayniqsa, xotin-qizlarga ham ma’naviy, ham moddiy kuch bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Markaz «Yangi Batosh»dan tashqari unga tutash «Batosh», «Xoniyon», «Taraqqiyotm, «Dasht», «Jumabozor» kabi mahallalarga ham xizmat qiladi. U to‘liq ishga tushsa, qariyb 24 ming nafar aholi bandligi ta’minlanadi.