Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari 2017−2022 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda yo‘lovchilarni tashish sohasida nimalar o‘zgarganini tahlil qildi.

Unga ko‘ra, 2017−2022 yillar oralig‘ida yo‘lovchilarni tashish va yo‘lovchi aylanmasida sezilarli o‘sish bo‘ldi. Xususan, 2017 yilda barcha transport vositalari orqali 5 mlrd 679 mln kishi o‘z manziliga yetkazildi, 2022 yilda bu ko‘rsatkich salkam 6 mlrd 170,8 mln kishiga yetdi. Yo‘lovchi aylanmasi esa 130 mlrd yo‘lovchi-km dan 144,7 mlrd yo‘lovchi-km ga oshgan.

2022 yilda yo‘lovchilarning eng ko‘pi — 97,5% qismi avtomobil transportida tashildi. Bunda 2017 yilda 5 mlrd 591,3 mln kishi manzilga yetkazilgan bo‘lsa, 2022 yilda ularning soni 6 mlrd 17,5 mln nafarga yetdi. Avtomobil transportida yo‘lovchi aylanmasi mos ravishda ortib, 117,7 mlrd yo‘lovchi-km dan 129,2 mlrd yo‘lovchi-km ni tashkil etdi.

5 yil ichida metropolitendan foydalangan yo‘lovchilar soni 2 marotaba oshib, 61,6 mln kishidan 136,7 mln kishiga yetdi. Mutanosib ravishda yo‘lovchi aylanmasi ham 459,1 mln yo‘lovchi-km dan 996,8 mln yo‘lovchi-km ga ko‘paydi.

Yo‘lovchi aylanmasi yo‘lovchi tashish masofalarini hisobga olgan holda yo‘lovchilarni tashishni tavsiflaydi. Bu har bir tashish pozitsiyasi uchun yo‘lovchilar sonining ko‘paytmalarini tashish masofasi bo‘yicha yig‘ish yo‘li bilan aniqlanadi.

Havo transporti vositasida tashilgan yo‘lovchilar ham mazkur davr mobaynida qariyb 2 barobar oshdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2,2 mln kishidan 4,1 mln kishiga yetdi. Yo‘lovchi aylanmasi 7,5 mlrd yo‘lovchi-km dan 10,9 mlrd yo‘lovchi-km ga ortgan.

Institut, shuningdek, 2026 yilgacha yo‘lovchi tashish xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha rejalarni ma’lum qildi. Unga ko‘ra:

  • aholi punktlarining jamoat transporti bilan qamrovini 95% ga yetkazish va 278 ta yangi avtobus yo‘nalishini ochish;
  • hududlardagi 11 ta xalqaro aeroportning o‘tkazish imkoniyatini 2 barobar oshirish va mahalliy tashuvlarda xususiy va loukoster aviakompaniyalar ulushini bosqichma-bosqich 25% gacha oshirish;
  • metropolitenning umumiy uzunligini 157 kilometr, stansiyalar sonini 74 taga yetkazish rejalashtirilmoqda.