Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili va Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrelning Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganiga bir yil to‘lishiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi.

Uning yozishicha, 2022 yil 24 fevral Rossiyaning Ukrainaga shafqatsiz, asossiz va noqonuniy bostirib kirishini boshlagan kun sifatida abadiy esda qoladi.

«Bu sof tajovuz va BMT Nizomini ochiqdan-ochiq buzish hodisasi edi va shunday bo‘lib qolaveradi. Bu urush „shunchaki Yevropa muammosi“ yoki „G‘arb va qolganlarga qarshi“ bo‘lish haqida emas. Bu biz hammamiz yashashni xohlaydigan dunyo haqida: yadroviy qurolga ega davlat va Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi tomonidan noqonuniy kuch ishlatishi qandaydir tarzda „normallashtirilgan“ dunyoda hech kim xavfsiz emasligini anglatadi. Shuning uchun ham barchani hokimiyat siyosati, shantaj va harbiy hujumdan himoya qilish maqsadida xalqaro huquq hamma joyda tatbiq etilishi kerak», — deya qayd etdi Jozep Borrel.

Yevropa diplomatiyasi rahbari shunday deya davom ettiradi: «bir yil o‘tgach, odamlar ko‘rgan ko‘psonlik urush jinoyatlari va vahshiylik tasvirlariga odatlanib qolishlari; biz tez-tez takrorlab ishlatadigan so‘zlarimiz o‘z ahamiyatini yo‘qota boshlashi; vazifamiz mushkul bo‘lgani tufayli vaqt o‘tib charchay boshlashimiz va qat’iyatimiz zaiflashishi xavflari mavjud».

«Bunga biz yo‘l qo‘ya olmaymiz. Chunki Rossiya har kuni BMT nizomini buzib, imperialistik siyosati bilan butun dunyo uchun xavfli pretsedent yaratmoqda. Rossiya har kuni begunoh ukrainalik ayollar, erkaklar va bolalarni o‘ldirishda davom etmoqda, shaharlar va fuqarolik infratuzilmasiga o‘z raketalarini yog’dirmoqda. Rossiya har kuni yolg’on va uydirmalarni tarqatishda davom etmoqda», — dedi u.

Uning fikricha, Yevropa Ittifoqi va hamkorlari uchun «uch qismdan iborat strategiya» yo‘nalishida qolishdan boshqa iloj yo‘q: ya’ni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, Rossiyaga uning noqonuniy tajovuzkorligini to‘xtatish uchun bosim o‘tkazish va dunyoning qolgan qismiga oqibatlarga dosh berishga ko‘maklashish.

«Biz bir yildan beri shunday qilyapmiz va bu faoliyatimiz muvaffaqiyatli davom etmoqda. Misli ko‘rilmagan sanksiyalarni qabul qildik; Rossiyaning qazib olinadigan yoqilg‘iga bo‘lgan qaramligimizni to‘xtatdik va asosiy sheriklar bilan yaqin hamkorlikda Kreml o‘z agressiyasini moliyalash uchun oladigan energiya daromadlarini 50% ga qisqartirdik. Birgalikda ishlagan holda biz oziq-ovqat va energiya narxlarining pasayishi bilan global to‘lqin ta’sirini qisman birdamlik yo‘laklarimiz va Qora dengiz g‘alla tashabbusi tufayli yengillashtirdik», — deya qayd etdi u.

Jozep Borrel Ukraina o‘zini himoya qila olishini xohlaymiz, deyishning o‘zi yetarli emasligi, buning uchun vositalar kerakligini qayd etdi. Shunday qilib, Yevropa Ittifoqi birinchi marta hujumga uchragan davlatga qurol yetkazib berdi. Haqiqatan ham, Yevropa Ittifoqi hozirda ukrainalik xarbiylarni o‘z davlatlarini himoya qilishlari uchun harbiy tayyorgarlik bo‘yicha yetakchi ta’minotchi hisoblanadi.

«Shuningdek, biz Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun muhim makromoliyaviy va gumanitar yordamni taklif qilmoqdamiz. Biz Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish so‘roviga ijobiy javob berishga qaror qildik. Nihoyat, biz Rossiya sodir etgan harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikni ta’minlash ustida ishlayapmiz», — dedi diplomat.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Ukraina qisman ushbu ko‘mak tufayli o‘zining ajoyib chidamliligini ko‘rsatganini ta’kidladi. Rossiya esa global sanksiyalar va BMT Bosh Assambleyasidagi davlatlarning mutlaq ko‘pchiligining xalqaro qoralashi tufayli yanada yakkalanib qoldi. «Bizning umumiy maqsadimiz — demokratiya hukmronlik qiladigan Ukraina, va keyinchalik ham shunday bo‘lib qoladi; bosqinchini quvib chiqarish, uning to‘liq suverenitetini tiklash va shu bilan birga xalqaro qonuniylikni tiklashdir», — deb yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning tajovuzkor revizionizmi va uning kengroq beqarorlashtiruvchi harakatlari Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham ta’sir qiluvchi global tahdiddir.

«Biz o‘tmish merosini qo‘zg’atishga urinayotgan Rossiya tashviqot mashinasining ta’sirini, axborotni manipulyatsiya qilish va chet el aralashuvi bo‘yicha sanoat miqyosidagi sa’y-harakatlarni ko‘rdik. Shuning uchun Yevropa Ittifoqi ushbu tahdidga qarshi kurashmoqda va biz hamkorlarimizning yordamiga ishonamiz», — deya qayd etdi Jozep Borrell.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Rossiya istilosi Yevropa va Markaziy Osiyo uchun haddan tashqari qaramlikdan qochish zarurligini ta’kidlaganini qayd etdi.

«Shuning uchun hamkorligimizni kuchaytirishimiz kerak. Biz barqaror va ochiq jamiyatlarni ilgari surishdan birgalikda manfaatdormiz; barqaror tiklanish va yashil o‘tishni ta’minlash; fuqarolarimizni terrorizm, giyohvand moddalar, qurol va odamlar savdosi kabi xavfsizlikka tahdidlardan himoya qilishimiz kerak. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi mintaqani aloqa va hamkorlik uchun ochiq maydon sifatida saqlab qolmoqchi», — deb yozdi u.

«Tarix va adolat Ukraina tomonida. Ammo tarixni tezlashtirish va adolatga erishish uchun biz «uchlik strategiyamiz»ni kuchaytirishimiz kerak. Bu jamoaviy vazifa ekanligini bilamiz. Shu bois Yevropa Ittifoqi barcha hamkorlarini tajovuz barbod bo‘lishi va xalqaro huquq ustuvor bo‘lishini ta’minlash uchun birgalikda mas’uliyat va hamjihatlik ruhida harakat qilishga chaqirmoqda», — deya chorladi u.