Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bosqini boshlanganining bir yilligi munosabati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mamlakatning mojaroni siyosiy hal qilish bo‘yicha pozitsiyasini e’lon qildi. Pozitsiya 12 banddan iborat.

1. Barcha davlatlarning suverenitetini hurmat qilish. Umume’tirof etilgan xalqaro huquq, shu jumladan BMT Nizomining maqsadlari va tamoyillariga qat’iy rioya qilinishi, har qanday davlatning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi kafolatlanishi kerak.

Barcha mamlakatlar maydoni, kuchi va iqtisodiy ko‘lamidan qat’i nazar tengdir. Xalqaro munosabatlarning asosiy normalari barcha xalqaro adolat tarafdorlari tomonidan himoya qilinishi kerak. Xalqaro huquq ikki tomonlama standartlarsiz teng va barcha birdek qo‘llanilishi kerak.

2. Sovuq urush voz kechish. Bir davlatning xavfsizligini boshqasining xavfsizligi hisobiga ta’minlash mumkin emas, harbiy bloklarni mustahkamlash va kengaytirish orqali mintaqaviy xavfsizlikka erishib bo‘lmaydi. Barcha mamlakatlarning qonuniy manfaatlari va qonuniy xavfsizlik masalalari jiddiy va zarur tarzda tartibga solinishi kerak. Murakkab muammolar oddiy usullar bilan hal qilinmaydi. Sayyoradagi uzoq muddatli tinchlikni hisobga olgan holda umumiy, yaxlit, qo‘shma va barqaror xavfsizlik konsepsiyasiga rioya qilish, muvozanatli, samarali, barqaror Yevropa xavfsizlik arxitekturasini shakllantirishga hissa qo‘shish kerak.

Boshqa mamlakatlar xavfsizligiga zarar yetkazish hisobiga o‘z xavfsizligini ta’minlashga urinishlar, shuningdek, bloklangan qarama-qarshilik siyosati qabul qilinishi mumkin emas va Yevroosiyo qit’asida tinchlik va barqarorlik birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan qo‘llab-quvvatlanishi kerak.

3. Adovatga chek qo‘yish. Mojarolar va urushlarda g‘oliblar bo‘lmaydi. Olovga yog‘ quyish va qarama-qarshilikni kuchaytirish o‘rniga, barcha tomonlar yanada avj olishiga va vaziyat nazoratdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ehtiyotkorlik va vazminlikni qo‘llashlari kerak. Rossiya va Ukrainaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tezda tiklash, vaziyatning keskinligini bosqichma-bosqich kamaytirish va jangovar harakatlarni to‘liq to‘xtatish uchun tashlagan o‘zaro qadamlarini qo‘llab-quvvatlash muhimdir.

4. Tinchlik muzokaralarini tiklash. Muloqot va muzokaralar Ukraina inqirozidan chiqishning yagona yo‘lidir. Inqirozni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlar ma’qullash va qo‘llab-quvvatlashga loyiqdir. Xalqaro hamjamiyat yarashish foydasiga to‘g‘ri yo‘nalishga sodiq qolishi, siyosiy kelishuvni boshlash uchun yo‘l ochishi, muzokaralarni qayta boshlash uchun sharoit yaratishi va tegishli platformalarni taklif qilishi kerak. Xitoy tomoni buning uchun konstruktiv vazifani amalga oshirishga tayyor.

5. Gumanitar inqirozni hal qilish. Keskin gumanitar vaziyatni yengillashtirishga imkon beradigan har qanday qadamlarni qarshi olish va qo‘llab-quvvatlash muhimdir. Gumanitar harakatlarda gumanitar masalani siyosiylashtirmasdan betaraflik va xolislik tamoyiliga rioya qilish lozim. Fuqarolarning xavfsizligini samarali choralar bilan ta’minlash, mojaro hududlaridan odamlarni evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklarni ochish kerak.

Jabrlangan hududlarga gumanitar yordamni ko‘paytirish, joylardagi gumanitar vaziyatni yaxshilash, vaziyatning yanada yomonlashishining oldini olish uchun tez, xavfsiz va to‘siqsiz gumanitar yordam ko‘rsatish kerak. Mojaro hududlarida gumanitar harakatlarni amalga oshirishda BMTning muvofiqlashtiruvchi rolini qo‘llab-quvvatlash zarur.

6. Tinch aholi va harbiy asirlarni himoya qilish. Mojaro tomonlari xalqaro gumanitar qonunlarga qat’iy rioya qilishlari hamda tinch aholi va fuqarolik obyektlariga hujum qilishdan tiyilishlari kerak. Ayollar, bolalar va mojaroning boshqa qurbonlarini himoya qilish, mahbuslarning asosiy huquqlarini hurmat qilish lozim. Xitoy tomoni Rossiya va Ukraina o‘rtasida mahbuslar almashinuvini qo‘llab-quvvatlaydi va barcha tomonlarni buning uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga chaqiradi.

7. Atom yelektr stansiyalarining xavfsizligini ta’minlash. Atom elektr stansiyalari va boshqa tinch yadroviy obyektlarga qurolli hujumlarga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Biz xalqaro huquqqa, shu jumladan yadro xavfsizligi to‘g‘risidagi konvensiyalarga rioya qilishga chaqiramiz. Inson tomonidan yaratilgan yadroviy falokatga qat’iyan ruxsat berilmaydi. Biz MAGATE`ning yadro xavfsizligi va tinch yadroviy inshootlarning jismoniy xavfsizligini ta’minlashdagi konstruktiv rolini qo‘llab-quvvatlaymiz.

8. Strategik xavf-xatarlarni kamaytirish. Yadro qurolidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi, yadroviy urushni boshlash mumkin emas. Yadro qurolidan foydalanishga urinishlar yoki ulardan foydalanish tahdidiga qarshilik ko‘rsatish kerak. Yadro qurolining tarqalishi va yadroviy inqirozning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Har qanday mamlakat tomonidan har qanday sharoitda biologik va kimyoviy qurollarni ishlab chiqish va ulardan foydalanish qat’iyan man etiladi.

9. Don eksportini ta’minlash. Rossiya, Turkiya va Ukraina tomonidan BMT kafolati bilan imzolangan Ukraina donini eksport qilish bo‘yicha «Qora dengiz tashabbusi» BMTning asosiy rolini aniqlashda muvozanatli, to‘liq va samarali amalga oshiriladi. Xitoy tomonidan oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi xalqaro hamkorlik bo‘yicha ilgari surilgan tashabbus global oziq-ovqat inqirozini bartaraf etishning hayotga tadbiq etish mumkin bo‘lgan varianti sifatida xizmat qiladi.

10. Bir tomonlama sanksiyalarni bekor qilish. Bir tomonlama sanksiyalar va bosimning oshishi nafaqat samarasizdir, balki yangi muammolarni ham keltirib chiqaradi. Xitoy BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan ruxsat etilmagan har qanday bir tomonlama cheklov choralariga qarshi. Ayrim mamlakatlar bir tomonlama sanksiyalarni suiiste’mol qilish va boshqa mamlakatlarga nisbatan yurisdiksiyani ekstraterritorial qo‘llashni to‘xtatishi, shuningdek, ular Ukraina inqirozining keskinligini yumshatishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi hamda rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy rivojlanish va aholi farovonligini oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi kerak.

11. Ishlab chiqarish va ta’minot zanjirlarining barqarorligini ta’minlash. Amaldagi jahon iqtisodiy tizimini amaliy harakatlar bilan himoya qilish, jahon iqtisodiyotini siyosiylashtirishga urinishlar, shuningdek uni vosita va qurol sifatida ishlatishga qarshi turish zarur. Global iqtisodiy tiklanishga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida inqirozning salbiy oqibatlarini, xususan, energetika, moliya, oziq-ovqat savdosi va transport sohalaridagi xalqaro hamkorlikni birgalikda bartaraf etish zarur.

12. Mojarodan keyingi tiklanishni rag‘batlantirish. Xalqaro hamjamiyat mojaro zonasida tinch yo‘l bilan qayta qurishni qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rishi kerak. Xitoy tomoni yordam berishga va bunda konstruktiv rolni ijro etishga tayyor.