16 fevral kuni Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudida Abror Muxtor Aliy nomi bilan tanilgan diniy bloger Abror Abduazimovga nisbatan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Abror Abduazimov 2022 yil 8 dekabr kuni Facebook`dagi sahifasida jurnalist Nikita Makarenkoni qadr-qimmatini kamsitish orqali obro‘sizlantirgan.

Sudda Makarenko tuhmat, qadr-qimmatni kamsituvchi ma’lumotlar tarqatgan deya, A.Abduazimovga nisbatan ma’muriy ishni qayta surishtiruvga yuborib, uni jinoiy javobgarlikka tortishni so‘rab, ko‘rsatuv berdi.

Sud A.Abduazimovni mazkur huquqbuzarlikni sodir qilgani, ariza, bildirgi, tushuntirish xatlari, bayonnoma, dalolatnoma, axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi ekspert komissiyasining xulosasi va sud majlisi jarayonida aniqlangan holatlar hamda ish materiallarida mavjud bo‘lgan boshqa dalillar bilan to‘liq tasdiqlangan deb hisobladi.

Hukmga ko‘ra A.Abduazimov o‘zining harakatlari bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202−2 -moddasi 1-qismi (Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish)da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topildi.

Sud Abduazimovga jazo tayinlashda og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlar, uning muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilmagani, oilada yagona boquvchi ekani, qaramog‘ida turmush o‘rtog‘i va 6 nafar farzandi borligini inobatga olib, kodeksning 33-moddasini qo‘llab, eng kam ma’muriy jarima jazosidan ham kamroq [kodeksda bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari — 15 mln so‘m jarima ko‘rsatilgan] ma’muriy jarima jazosini tayinlashni lozim topdi va bazaviy hisoblash miqdorining 20 (yigirma) baravari miqdorida, ya’ni 6 000 000 (6 million) so‘m ma’muriy jarima jazosi tayinladi.

Jurnalist Nikita Makarenko bo‘lib o‘tgan sud haqida post qoldirdi. «Sudya jarima belgiladi. Ammo haqoratli so‘zlar mavjudligi sababli ishni jinoyat ishi tarkibiga o‘zgartirish to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirmadi. Javobgar tomonidan hech qanday ariza kiritilmadi», — deb yozdi u.

Abror Muxtor Aliy esa belgilangan jarima haqida yozar ekan, «Sudya janoblari ma’muriy javobgar qilib, 6 million so‘m jarima yukladi! Jarima ham qo‘ynidan to‘kilsa qo‘njiga qabilida», — deya ta’kidladi.