12 fevral kuni soat 20:30 larda Yakkabog‘-Chiroqchi-Sho‘rbozor avtomobil yo‘lida Gentra mashinasi haydovchisi piyodani urib qochib ketdi, deya xabar bermoqda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Yakkabog‘ tumani «Cho‘mich» mahallasi hududida fuqarolardan biri yo‘l chetida odam yotganini ko‘rib qolgan va IIB hamda tez yordamga qo‘ng‘iroq qilgan. Ammo jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.

Shundan so‘ng haydovchiga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Olib borilgan tezkor surishtiruv davomida Yakkabog‘ tumanida yashovchi 27 yoshli yigit o‘ziga tegishli bo‘lgan Gentra avtomobilida jabrlanuvchini urib yuborgani aniqlangan.

«Qorong‘i edi, qarshimdan kelayotgan mashina farasi ko‘zimni oldimi, u bola qaysi tomondan o‘tayotganini bilmadim, oldimda paydo bo‘lib qoldi. Qo‘rqib ketib, to‘xtab tusholmadim, o‘tib ketib, «Tez yordam»ni chaqirdim. O‘zim esa qo‘rqib kelolmadim. Shundan hech narsa bo‘lmagandir deb o‘yladim», — dedi haydovchi.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.