Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 fevral kuni Buxoro viloyatida sanoatni rivojlantirish va energiya ta’minotini yaxshilash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi hamda oltita yangi korxonani ishga tushirdi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Ular:

  • G‘ijduvon tumanidagi “G‘ijduvon ipak tola”;
  • Buxoro shahridagi “Layxter Kamalak Tekstaylen”;
  • Jondor tumanidagi “Arjumandbonu chorvasi”;
  • G‘ijduvon tumanidagi “Usmon Sher Shamshod”;
  • Romitan tumanidagi “VBM Romiteks” korxonalari va Buxoro shahridagi to‘rt yulduzli mehmonxona.

Ipakchilik, to‘qimachilik, parrandachilik, meva-sabzavotni qayta ishlash va turizm tarmoqlariga ixtisoslashgan bu majmualarda 3 ming 500 ta yangi ish o‘rni ochilmoqda. Buning natijasida viloyat ishlab chiqarishiga 850 milliard so‘m qo‘shilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Buxoroda energiya ta’minotini yaxshilash masalasiga e’tibor qaratildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023 yilda Buxoroda yillik elektr iste’moli 4,3 milliard kilovatt soatni tashkil etib, taqchillik 150 million kilovatt soat bo‘lishi kutilmoqda.

Shu bois qo‘shimcha quvvatlarni yaratish va samaradorlikni oshirish zarurligi ta’kidlandi. Buxoroning issiq iqlimidan foydalanib, 740 ta korxonada 22 megavattli, ijtimoiy obyektlar va ko‘p qavatli uylar ustida 11 megavattli quyosh panellari o‘rnatish mumkinligi aytildi.

Elektr tarmoqlarini yangilash orqali 50 million kilovatt soat elektr yo‘qotishlarini kamaytirish, 45 ta yirik sanoat korxonasida energiya sarfi yuqori bo‘lgan uskunalarni almashtirish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, “Amu-Buxoro” nasos stansiyasida chastotali boshqarish vositalarini yangilash hisobiga bu yil 60 million, kelgusi yil 100 million kilovatt soat energiyani iqtisod qilish mumkin.

Yig‘ilishda tumanlardagi yangi zaxiralarni ishga solib, sanoatni rivojlantirish kerakligi qayd etildi.

So‘nggi besh yilda Buxoroda 31 trillion so‘m investitsiya jalb qilinib, 3 mingdan ziyod korxona ishga tushgan. Ishlab chiqarish 4,3 baravarga ko‘paygan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilda 27 trillion so‘m bo‘lgan. Sanoat eksporti 200 million dollarga yetgan.

2023 yilda Buxoroda 880 million dollarlik 703 ta korxonani ishga tushirib, 15 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bu loyihalarga 220 million dollar kredit va infratuzilmasiga 100 milliard so‘m ajratilmoqda.

Prezident har bir tuman hokimiga qo‘shimcha zaxira topib, yana kamida 50 million dollar investitsiya olib kelib, yangi loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Buxoro tumanidagi “Aksa Enerji Bukhara” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishga tushirilgan issiqlik elektr stansiyasi faoliyati bilan tanishdi. 2022 yili “Aksa Enerji Bukhara” tomonidan issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirilgan edi. U 150 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya evaziga barpo etilgan. Uskuna va jihozlar Turkiyadan keltirilgan. Bu yerda 150 kishi mehnat qiladi.

Stansiya quvvati 270 megavatt bo‘lib, bu yiliga 2 milliard 200 million kilovatt soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish, viloyatning 60 foiz iste’molini qoplash imkonini beradi.