O‘zbekistonda 1 apreldan boshlab hududlardagi uy xo‘jaliklarida kichik quvvatli quyosh panellarini (umumiy quvvati 50 kVtgacha) o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha «Quyoshli xonadon» dasturini amalga oshirish boshlanadi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 16 fevraldagi «2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida nazarda tutilgan.

Tasdiqlangan rejaga ko‘ra, 2023 yilda 37 ming aholi xonadonlarida kam quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatish rejalashtirilgan.

Dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Subsidiya har oy yakuni bilan jismoniy shaxslar tomonidan yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan energiya hajmi va tizimdan iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmi o‘rtasidagi ijobiy tafovut miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.

Subsidiya to‘lovlari jismoniy shaxslarning jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi. Subsidiya soliq organlari tomonidan har oyda Soliq mobil ilovasi orqali hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar fuqarolarning bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasi hajmi oy davomida yagona elektr energetika tizimidan iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmidan ko‘p bo‘lgan taqdirda, shu oy uchun elektr energiyasi bo‘yicha «Hududiy elektr tarmoqlari» AJga to‘lov qilinmaydi.

Oy davomida yagona elektr energetika tizimidan iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmidan kam bo‘lgan taqdirda, shu oy uchun elektr energiyasi bo‘yicha to‘lovlar iste’mol qilingan va uzatilgan elektr energiyasi farqidan kelib chiqib hisoblanadi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» tomonidan tekinga olingan elektr energiyasi daromad sifatida hisobga olinmaydi.