O‘zbekistonda 2023 yilda umumiy quvvati 4300 MVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini (QTEM) ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida keltirib o‘tilgan.

2100 MVt — yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari, 1200 MVt — ijtimoiy soha obyektlari, xo‘jalik subyektlarining bino va inshootlari hamda xonadonlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari, 550 MVt — tadbirkorlar tomonidan barpo etiladigan kichik fotoelektr stansiyalarini ishga tushirish shular jumlasidan.

QTEM qurilmalarini o‘rnatish, iste’molchilarni muqobil energiyaga o‘tkazish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish orqali 2023 yilda qo‘shimcha 5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va 4,8 milliard metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish (tejash) rejalashtirilgan.

Moliyalashtirish manbalari

Ushbu maqsadlarga jami 15,4 milliard dollar yo‘naltirish, shu jumladan, 13,4 milliard dollar — davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida investorlar mablag‘lari, 1,1 milliard dollar — tijorat banklari kreditlari, 610 million dollar — korxonalarning o‘z mablag‘lari, 150 million dollar — xorijiy moliyaviy tashkilotlar mablag‘lari va 100 million dollar ekvivalentidagi davlat budjeti mablag‘lari.

Qaror bilan 2023 yilda DXSH (davlat-xususiy sheriklik) asosida 27 ta yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyasini qurish va ularni elektr uzatish tarmoqlariga ulash loyihalari ro‘yxatlari tasdiqlandi.

Strategik islohotlar agentligiga Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda 1 iyulga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va elektr energiyasi tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalar uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan qo‘shimcha 2 milliard dollar miqdorida mablag‘ jalb etish bo‘yicha shartnomalar imzolanishini ta’minlash topshirildi.

Yil davomida 20 mingta ijtimoiy soha obyekti va davlat muassasalarini kichik quvvatli QTEM qurilmalari bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 11 ming tadbirkorning bino va inshootlariga quyosh batareyalarini o‘rnatish, kichik fotoelektr stansiyalarini qurish rejasi qo‘llab-quvvatlandi.

“Yashil energiya” kompaniyasining tashkil etilishi

Qarorda ijtimoiy soha obyektlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning bino va inshootlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha “Yashil energiya” kompaniyasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Jamiyatga davlat organlari va tashkilotlari bino va inshootlarining tegishli qismlaridan o‘z mablag‘lari hisobidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatilgandan keyin ijaraga olish huquqi asosida bepul foydalanishga ruxsat etiladi. Shu bilan birga, ijara shartnomalari soliq organlarida belgilangan tartibda ro‘yxatga olinadi.

Shuningdek, kompaniya mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilardan qayta tiklanadigan energiya qurilmalari va ularning ehtiyot qismlarini sotib olish, eng yaxshi takliflarni tanlash natijalari bo‘yicha ushbu qurilmalarni o‘rnatish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishi mumkin bo‘ladi.